SSV koronavirus bo‘yicha aholiga ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlandi. Ahvol yana mart oyidagidek rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida ahvol barqarorlashgan bo‘lsa ham hali koronavirusdan to‘liq qutuldik deyishga erta. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantirish bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi: 

“Koronavirus pandemiyasi butun dunyo favqulodda vaziyatlarga tayyor turishi kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shuning uchun ham, iqtisodiy va tibbiy imkoniyatlaridan qat’i nazar barcha davlatlarga birdek ta’sir qilgan koronavirus pandemiyasidan har kim tegishli xulosasini chiqardi. 

Mamlakatimizda ham Prezidentimiz va hukumatning qator farmon va qarorlari qabul qilinib, milliy tibbiyot tizimini birlamchi bo‘g‘inidan boshlab isloh etilmoqda. Bu islohotlar tez vaqtlarda o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasiz. Mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tabdirlar ushbu infeksiyani jilovlashda ahamiyatli bo‘lmoqda.

Pandemiyaning yuqori cho‘qqisida yurtimizda ehtiyot chorasi sifatida jami 159 ta muassasada 25200 shifo o‘rni, shu jumladan, 2500 reanimatsion o‘rin tashkil etildi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 58 ta yirik bino-inshootlarni moslashtirish orqali yana 15 ming, shundan 1225 reanimatsiya o‘rinlari tashkil etildi.

Dunyoda infeksiya tarqalishi hanuz xavfli darajada turgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda kasallik nisbatan jilovlandi, deya olamiz. So‘nggi oylar mobaynida yurtimizda infeksiya tarqalishining biroz barqarorlashishi sababli koronavirusga moslashtirilgan 159 ta muassasadan 107 tasi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha odatiy faoliyatini boshlab yubordi, 23 tasi esa konservatsiya qilindi. 

Ammo bu "endi bizda koronavirus xavfi yo‘q", deyishga asos bo‘lmaydi. Ayni paytda yurtimizdagi COVID-19 shifoxonalarida kasallikni ayrim simptomlari mavjud bo‘lib, gumon qilingan, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlardan tashqari 2 ming nafardan ortiq koronavirusdan davolanayotganlarni ham  unutmasligimiz kerak.

Koronavirusga qarshi kurash tadbirlari katta moliyaviy ta’minot talab qilishi hech kimga sir emas. Xususan, pandemiya davrida tibbiyot muassasalariga 55 dona rentgen, 2 ming dona funksional krovat, 1 ming 450 ta SIPAP, 3 ming 300 ta kislorod konsentrator va boshqa jihozlar, shuningdek, byudjet hisobidan zamonaviy IVL, kardiomonitor va PZR apparatlari o‘z vaqtida yetkazib berildi. 

Shuningdek, Zangiota tumanidagi 4000 o‘rinli ko‘p tarmoqli maxsus ikkita shifoxonaning, Yuqori Chirchiq tumanidagi 20 ming o‘rinli  koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan zamonaviy majmuaning qisqa fursatlarda qurib foydalanishga topshirilgani katta voqea bo‘ldi.

Davlat tomonidan berilayotgan bunday e’tiborga javoban, har bir fuqaro o‘z sog‘ligi uchun shaxsan javobgarlikni his qilishi, pandemiya tartib-qoidalariga rioya etishni kundalik odatga aylantirishi lozim. 

Ammo hozirda koronavirus xavfi chekingani vajidan ko‘chalarda niqobsiz, sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmay yurgan fuqarolar ko‘p uchramoqda.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiyaning mamlakatimizda yana avj olmasligi, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq ekanini eslatib o‘tadi. Shu sababdan ham barchangizdan koronavirus xavfining oldini olishda shaxsiy javobgarlik his qilishingizni, tibbiy niqoblardan sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda foydalanishni bir zum ham unutmasligingizni so‘rab qoladi”.

O‘zbekistonda 11 dekabr holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar 74 811 nafarni tashkil etmoqda. Bemorlarning 72 084 nafari yoki 97foizi sog‘aygan. Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar 2115 kishini tashkil etmoqda. Ulardan 180 nafari og‘ir, 34 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi

Baholaganlar

787

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing