Sportchilarning imtiyozlari cheklanib, adolat tiklanyaptimi? Vazir o‘rinbosari javob berdi
Jamiyat
−
12 iyul 2021
5557QALAMPIR.UZ muxbiri tomonidan AOKAdagi matbuot anjumanida O‘zbekiston chempionatida sovrindor bo‘lib, oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan sportchilar sababligina ta’lim sifati pasayib ketayotgani, imtiyozlar belgilanayotgan paytda tenglik prinsiplariga amal qilinmayotgani hamda nima uchun mahalliy musobaqalarda ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan sportchilarning sertifikatlari OTM imtihonlari boshlanishiga yaqin bekor qilinganligi to‘g‘risidagi savollariga Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov javob qaytardi.
Uning aytishicha, “qabul parametri to‘g‘risida”gi qarorda aytilganidek, sportchilar barcha yo‘nalishlarga emas, belgilangan sohalargagina imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Ular Turizm va sport vazirligining rasmiy saytida e’lon qilinadi va sportga yaqin bo‘lgan yo‘nalishlar belgilanadi. O‘zbekiston chempionati g‘oliblariga berilgan imtiyozlar jismoniy madaniyat va sport mutaxassisliklari uchungina amal qiladi. Bu ular uchun yaxshi imkoniyat, chunki sportchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi, qolganlarida biroz imkoniyatlar cheklanadi va bu adolatli qaror bo‘lgan.
Vazir o‘rinbosari so‘zini davom ettirar ekan: “imtiyozlar masalasi bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilyapti. Barchasini birdaniga o‘zgartirib bo‘lmaydi. Aslida esa adolat tiklanyapti. Minglab abituriyentlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilsa, ularning 99 foizi bu holatga ijobiy baho beradi. Barcha imtiyozlar asta-sekin o‘z joyiga keladi. Harbiy imtiyozlar ham sohaga bo‘lgan qiziqish pasayib qolgani sababli yoshlarni jalb qilish uchun paydo bo‘lgan edi. Imtiyozlarning barchasi tartibga solinadi”, deya ta’kidladi.
Sportchilarning barchasi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha imtihon topshirsa, qiyinchiliksiz, talab bo‘lishi mumkinligini aytib o‘z fikrini yakunladi.
“Imtiyozlar masalasi anchadan buyon muhokama qilib kelinadi. Oliy ta’limga oid qarorlar asosan may-iyun oylarida qabul qilinadi. O‘zbekiston chempionatida faqat birinchi o‘rinni egallagan sportchilarga imtiyozlar bor, ikki va uchinchi o‘rinni olganlarga nisbatan bekor qilingan. Ular o‘zi sportchilar bo‘lishsa, o‘z sohalari bo‘yicha hujjat topshirsalar, to‘sqinliksiz o‘qishga kira olishadi. Har yerda imtiyozga yopishib olish to‘g‘ri emas”.
LiveBarchasi