Sport yana siyosiylashdi. Xitoy hindistonlik kurashchilarga viza bermadi

Olam

image

Xitoy ushu kurashi bo‘yicha Hindiston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan uch ayol sportchiga mamlakatga kirishni rad etdi. Ular 24-28 sentyabr kunlari Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari doirasida yakkakurashning ushbu turi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etishi kerak edi. Bu haqda “The Times of India” nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Xitoy viza berishni rad etgan sportchilar Arunachal-Pradesh shtati yashagan. Bu hudud ikki davlat orasidagi bahsli zona bo‘lib, Pekin ham, Nyu-Dehli ham unga da’vo qiladi. 

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Sport vazirligi sportchilarga viza berilmaganini nomaqbul deb atadi. Hindiston olimpiya assotsiatsiyasi rahbarlari ayni damda Xitoydagi hindistonlik kurashchilarga vizalar masalasini tezda hal qilish uchun Osiyo Olimpiya qo‘mitasi bilan muzokaralar olib bormoqda.

Sportchilar vizalari rad etilganini kecha, 21 sentyabr kuni Nyu-Dehlidan Gonkongga kelganlarida bilgan. Hindiston jamoasining qolgan sakkiz nafar a’zosi Xitoy vizasini olgan va allaqachon Xanchjouga yetib borgan.

Hindiston axborot va radioeshittirish, yoshlar ishlari va sport vaziri Anurag Singh Thakur mazkur holatga norozilik bildirish maqsadida 19-Osiyo o‘yinlari uchun Xitoyga avvaldan rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgan. 

Qayd etish joizki, Xitoy tomonidan qilinayotgan bunday harakat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Joriy yilning iyul oyida Chengdudagi Universiadada ishtirok etishi kerak bo‘lgan Arunachal-Pradesh sportchilariga standart viza o‘rniga maxsus vizalar berilgan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bunga norozilik bildirgan. Nyu-Dehli Xitoyning maxsus vizalarini jiddiy muammo deb hisoblaydi, chunki bunday amaliyotga rozilik Hindistonning Xitoyning bahsli hududga bo‘lgan huquqlarini tan olishini anglatadi.

Ma’lumot uchun, Arunachal-Pradesh shtati 1962 yilda Xitoy-Hindiston chegarasidagi mojarodan keyin tashkil topgan. Pekin Hindiston shimoli-sharqidagi bu hududni Janubiy Tibetdagi Xitoy hududi, deb hisoblaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Hindiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing