Sport sohasida Qozog‘iston bilan hamkorlik yanada kuchayadi
Jamiyat
−
06 aprel 2019
4071Kecha 5 aprel kuni O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Qozog‘iston madaniyat va sport ishlari vaziri Aristanbek Muxameduli va Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi qabul qilindi.
Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Aristanbek Muxameduli boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan uchrashdi.
Unda tomonlar hamkorlikda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, eng nufuzli musobaqalarga sportchilarni tayyorlash, yirik sport tadbirlarini o‘tkazish kabi yo‘nalishlardagi aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi. Do‘stona ruhda, samimiy o‘tgan tadbirda vazirlar tomonlarning mazkur yo‘nalishlardagi yutuq va muammolari haqida suhbatlashib, o‘zaro tajriba almashdi.
Xususan, Dilmurod Nabiyev Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, ayniqsa qishki sport turlari bo‘yicha Qozog‘istonning ilg‘or tajribalarini o‘rganish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi.
O‘z navbatida Qozog‘iston madaniyat va sport ishlari vaziri Aristanbek Muxameduli ham ikki davlat o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligini, yaqinda qurib foydalanishga topshirilgan “Humo Arena” muz saroyi ham qishki sport turlari rivoji yo‘lida qo‘yilgan dadil qadam bo‘lganini ta’kidladi hamda bundan buyon hamkorlikda yirik musobaqalarni o‘tkazish orqali mintaqada sport turizmini yanada rivojlantirishni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, musobaqalar hamda ikki davlat fuqarolari ishtirokida yirik sport tadbirlarini muntazam tashkil etishga kelishib oldi.
LiveBarchasi