Sovuq ob-havo keyingi haftaning boshigacha davom etadi – O‘zgidromet prognozi
Bu qiziq
−
20 noyabr 2020
9492Joriy yilning 18 noyabrida O‘zbekistonga Ural hududlaridan juda sovuq antitsiklon kirib keldi. Antitsiklon chinakam qishki ob-havoni qor yog‘ishi va sovuqni olib keldi. O‘zbekiston hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik, asosan qor ko‘rinishida kuzatildi, tog‘ hududlarining ba’zi joylarida qor kuchli bo‘ldi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida va cho‘l zonalarida yog‘ingarchilik kuzatilmadi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lum qildi.
Qor yog‘ishi paytida ba’zi joylarda ko‘rinish 50-100 metrgacha yomonlashgan. Yo‘llarni yaxmalak qoplagan. Kechga tomon respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida balandligi 6 sm dan 14 sm gacha, ba’zi joylarda 20-25 sm gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘lgan. Qor qoplami oldinroq shakllangan tog‘li hududlarda qor balandligi 10-30 sm ni tashkil etgan.
Havo harorati kun davomida 3-5 daraja sovuq bo‘ldi. Kechasi deyarli barcha joylarda yog‘ingarchilik to‘xtadi, sovuq esa kuchaygan. Toshkent shahrida termometr 9 daraja sovuqqacha, respublikaning ba’zi joylarida 10-13 daraja sovuqqacha, shimolda va cho‘l zonalarida 15-18 daraja sovuqqacha pasaygan. Bunday harorat me’yoriy qiymatlardan (o‘rtacha ko‘p yillik) 10-15 darajaga kam bo‘lgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yarmida qor yog‘ishi odatiy hol emas. Yomg‘irni qorga aylanishi va beqaror qor qoplami shakllanishi o‘tgan yil ham qayd etilgan, 2016 yilda esa qor shu kunlarda yog‘gan. Ammo bu davrda bunday past harorat juda kamdan-kam kuzatiladi.
Bugun kunduzi havo harorati 2-5 daraja sovuqni tashkil etadi.
O‘zbekiston hududlarida sovuq ob-havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Havo harorati kechalari 6-9 daraja sovuq, kunduz kunlari 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo‘lishi kutilmoqda.