Sovuqdan muzlab o‘lyapmiz — Toshloq tumani aholisi gaz va elektr so‘rab bosh ko‘tardi (video)
Jamiyat
−
24 noyabr 2020
16294O‘zbekistonda kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan chekka hududlardagi aholi orasida tabiiy gaz va elektr toki muammolari boshlanib ketadi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda ham elektr toki va gaz yo‘qligidan norozilik bildirishlar davom etmoqda. Bizning qo‘limizga yetib kelgan navbatdagi norozilik harakatlari aks etgan videolavhalardan biri Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tasvirga olingani aytilmoqda. Unda tumanning “Do‘stlik” MFY aholisi gaz umuman yo‘qligi, elektr energiyasi sutkada bir soat berilishini aytib, norozilik bildirgan.
“Yuragimdan operatsiya bo‘lganman, nogironman. Qiynalyapmiz rostdan. Na yordam beradi bular, na gazni yoqib beradi. Ertaga gazning puliga keladi, uyning pulini to‘lash kerak. Yangi hayot ko‘chasi 36-uy, hamma nogiron”, deya nogiron ayol o‘z dardini aytgan.
Shuningdek, yana bir ayol o‘z muammolarini aytar ekan, farzandlari onlayn o‘qishini, lekin elektr toki va gaz yo‘qligini, hatto, ovqat ham qila olmayotganini ta’kidlagan.
“Biz “Do‘stlik”danmiz, gaz ham, “svet” ham yo‘q. Dadamning oyog‘i singan, invalid. bolam bor uyda, qariyalar bor. Kirib ko‘ringlar uyga. Sovuqdan muzlab o‘lyapmiz”, deydi voqea ishtirokchisi bo‘lgan ayol.
Norozi aholi elektr toki bir sutkada bir soat berilayotganini aytib, nolimoqda. Ayrim ayollar uyda farzandlari kasalligi, sovuqdan hammaning bolasi kasal bo‘lib, shifoxonaga qatnayotgani aytishgan.
“Svet o‘chiq, bir qo‘shnimning uch yashar bolasi ovqat qilinayotgan payt, urilib ketib, kuyib ketdi. Hozir shifoxonada, yog‘i chiqib ketgan”, deya achinib gapirdi norozi ayollardan biri.
Aholi, shuningdek, tuman hokimi bilan uch kun avval gaplashgani, hokim esa “xo‘p, xo‘p” degancha, yo‘q bo‘lib ketganini aytadi. Videolavhada ayollarning hokimdan xafsalasi pir bo‘lganini ko‘rish mumkin.
“Bir kun chiqib, aholini eshitsin, aholini ham tushunsin, bizning uyimizga kiringlar, insonlar! Rahminglar kelsin, uchtadan bolalarimiz bor”, deydi yana bir ayol.
Video qahramonlarining hammasi baravariga bunday muammolarni aytayotganini ko‘rib, ular ancha paytdan beri chidab kelayotgan muammolardan sabr kosasi to‘lganini bilish mumkin.
“Svet” yonsa, suv keladi. Voy, suv keldi, suv olib qo‘yaylik, degunimizcha, “svet” o‘chyapti. Shu bilan suv ham o‘chadi. Gaz yo‘q! Umuman yo‘q! Metan zapravkalarni qurib tashlagan qatorlatib. Videoni o‘chirmanglar, iltimos. Yetib borsin. Biz axir ularni saylayapmiz, insonlar. Saylagan odamlarimiz qayerda?”, deydi aholi vakillari.
Ushbu video bo‘yicha hali hech qaysi tashkilot rasmiy munosabat bildirmadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida senator Farmon Toshev hududlarda elektr energiyasi o‘chishi bilan bog‘liq muammolarni sanab, bu bo‘yicha Senat raisi Tanzila Norboyevaga yuzlangandi.
“Mana hozir internetni ochib qarang, hamma joyda bitta shikoyat: elektr yo‘q, o‘chgan. Biz hozir Senatning yig‘ilishida shunga e’tibor qilmasak, hozir gapirmasak, u idoraning odamlari gapiradiganga o‘xshamaydi. Nima uchun ko‘p gaplarni xalqqa oldinroq aytish mumkin emas? Nima uchun grafikni ishlab chiqish mumkinmas?”, degan edi senator Farmon Toshev.
Shundan so‘ng Tanzila Norboyeva ushbu muammolar bo‘yicha Senatning tegishli mutasaddilariga bir qator topshiriqlar bergan. Muhokamadagi masalalar navbatdagi yalpi majlisni kutib o‘tirmasdan, qo‘mita majlisida yana ko‘rib chiqilishi va bu masalalar bo‘yicha Prezidentga axborot berilishini ta’kidlagan.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi