Sovuq havo energotizimni falaj qildi – Gidromet mutaxassisi

Jamiyat

image

9 noyabrdan respublikaga kirib kelgan sovuq antitsiklon oqimi energotizimni falaj holatga olib keldi. Bu haqda O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abulahatov aytib o‘tdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Energetika vazirligi huzuridagi milliy despetcherlik unitar korxonasi direktorining vaqti-vaqti bilan joylarda elektr uzilishlarni uzib qayta yoqib turishga topshiriq bergan xati tarqaldi.

“Bunday vaziyatda tabiiyki Energetika vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan oldindan uzish to‘g‘risidagi ogohlantirish majburiyatlari iste’molchilarga yetkazilmaydi. Bu imkonsiz. Odatdagidek, bunday vaziyatda iste’molchilarimiz tizimni yana “kechiradi”. Aslida, energetik korxonalarning iste’molchiga elektr tokini yetkazib berishdagi majburiyatlarida tokni tarmoqdan uzishdan oldin ogohlantirish berish majburiyati yuklatilgan va tabiiyki, hozirgi holatda millionlab iste’molchilar elektr korxonasini sudga berishga haqli”, deydi O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulahatov.

Shuningdek, u haroratning iqlimiy me’yordan 4-5 daraja pasayishi bu anomal sovuq ko‘rsatkich emasligini, meteorologiya va huquqiy hujjatlarda anomal sovuq tushunchasi iqlimiy me’yordan 8 darajadan past haroratga nisbatan aytilishini ma’lum qilgan.

“Ha, haroratni iqlimiy me’yor qiymatlaridan 4-5 daraja sovuq bo‘lishini ta’minlagan sovuq antitsiklon energetik tizimimizni kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rganini ko‘rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovnoma bo‘yicha respublika aholisining 83 %i joylarda gaz bosimi pasaygani va elektr tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganini tasdiqlagan”, deydi Abdulahatov.

Uning qayd etishicha, bugundan boshlab antitsiklon sharqqa tomon harakatlanib, respublikadan to‘liq chekinadi. Tungi va kunduzgi haroratlar ko‘tarilib, asta-sekin sutkalik haroratlar iqlimiy me’yorlarga qaytadi.

“Qish mavsumidagi anomal sovuqqa bizning hozirgi energotizm bu turishda tayyor emas. Bu ketishda, balki o‘shanda kichik blekautlar ham kuzatilar”, deydi mutaxassis.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

375

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing