Sovet Ittifoqining Vengriya va Chexoslovakiyaga yurishi xato edi – Putin
Olam
−
12 Sentabr 2023
11277Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sovet Ittifoqining Sovuq urush davrida ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish uchun Vengriya va Chexoslovakiyaga tanklar yuborish haqidagi qarori xato bo‘lganini aytdi. Bu haqda u bugun, 12 sentyabr kuni Sharqiy iqtisodiy forum sessiyasida so‘z ochdi.
“Tashqi siyosatda boshqa xalqlar manfaatlariga ziyon keltiradigan biror narsa qilish to‘g‘ri emas”, degan Putin.
Shu bilan birga, Rossiya rahbari hozirda AQSH shunday yo‘l tutayotganini aytdi.
“G‘arbning yetakchi davlatlari va birinchi navbatda AQSH shunday yo‘l tutmoqda. AQSH o‘z ittifoqchilariga, hamkorlariga bosim o‘tkazmoqda. Uning do‘stlari yo‘q, faqat manfaatlari bor. Bu mashhur Britaniya formulasining davomi”, degan Putin.
Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hech qachon mustamlakachi bo‘lmagan, mamlakat hamkorligi “doim tenglik asosida yoki yordam va qo‘llab-quvvatlash istagi bilan qurilgan”.
Qayd etish joizki, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga o‘n minglab qo‘shin yuborib, Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropada eng katta quruqlik urushini keltirib chiqargan davlat sanaladi.
Ma’lumot uchun, 1956 yilgi Vengriya qo‘zg‘oloni Sovet tanklari va qo‘shinlari tomonidan bostirilgan. Janglarda kamida 2600 venger va 600 sovet askari halok bo‘ldi. 1968 yilda Praga bahori Sovet boshchiligidagi Varshava shartnomasi qo‘shinlari Chexoslovakiya Sotsialistik Respublikasiga bostirib kirishi bilan tugagan. Chex tarixchilariga ko‘ra, bosqin natijasida 137 ga yaqin chexlar va slovaklar halok bo‘lgan.
LiveBarchasi