Soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlar to‘xtatib turiladi – Ishmetov
Jamiyat
−
24 mart 2022
10616Bugungi kunda O‘zbekistonda hukumatning asosiy vazifasi makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo‘ladi. Moliya vaziri Timur Ishmetovga ko‘ra, iqtisodiy vaziyatning byudjetga ta’siri hisob-kitob qilingan.
“Tasdiqlangan byudjet taqchilligini saqlab qolish, ya’ni ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ish haqi, pensiya, nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lab borish bo‘yicha choralar ko‘rish haqida topshiriq oldik”, deydi vazir Ishmetov.
Uning qayd etilishicha, soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlarni bir necha oyga yoki kelgusi yilga qoldirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan ish olib boriladi.
“Keyingi haftadan soliq qo‘mitasi bilan anketa savollar tayyorlayapmiz. Biz tadbirkorlik sub’ektlaridan hozirgi vaziyatda ularda qanday yangi muammolar paydo bo‘lgani, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi qanday yordam bera olishi bo‘yicha fikrlarini olish uchun savollar tarqatamiz”, deydi vazir.
Mas’ul moliya va valyuta bozoridagi o‘zgarishlari O‘zbekistonga ham ta’sir qilganini ta’kidlab, bunga javoban asosiy stavka ko‘tarilganini urg‘uladi.
“Markaziy bank tomonidan asosiy stavkani oshirish chorasi tashqi omillar ta’sirida vaqtinchalik instrument sifatida ko‘rilyapti. Bizda ikkita yirik dastur bor: ipoteka va ta’lim krediti.
Tijorat banklaridan ipoteka bo‘yicha 20 yilga, ta’lim krediti bo‘yicha 7 yilga resurslar davlat byudjetidan banklarga ajratiladi. Markaziy bank stavkasi bunga bog‘langan edi. Qonunchilik bo‘yicha resurslar uch foiz bandga va bankdan ajratilgan kreditlar ham uch foiz bandga oshishi kerak edi. Lekin yil oxirigacha bu chorani qo‘llamaslik topshirig‘i berildi, ya’ni yil ipoteka va ta’lim krediti dasturlari bo‘yicha foiz stavkalari oshirilmaydi”, deydi Timur Ishmetov.
LiveBarchasi