Soliq qo‘mitasi saytidan “sirli” tarzda g‘oyib bo‘lgan xabar yuzasidan bayonot berdi

Jamiyat

image
Niqob mashmashasi: Soliq qo‘mitasi saytidan bir xabar “sirli” tarzda g‘oyib bo‘ldi north_east

Niqob mashmashasi: Soliq qo‘mitasi saytidan bir xabar “sirli” tarzda g‘oyib bo‘ldi

Avvalroq, saytimizda "Niqob mashmashasi: Soliq qo‘mitasi saytidan bir xabar “sirli” tarzda g‘oyib bo‘ldi" nomli maqola e’lon qilingandi. Unda koronavirus infeksiyasi tarqalayotgan vaziyatda niqob ishlab chiqarishni to‘xtatish qanchalik to‘g‘ri bo‘lishi va soliq idoralari sexning qay darajada noqonuniy faoliyat yuritgani bo‘yicha aniq ma’lumotlar keltirmagani aytib o‘tilgandi.

Davlat soliq qo‘mitasi Chirchiq shahridagi tibbiy niqob ishlab chiqarish haqida e’lon qilingan material yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

“Hozirgi sharoitda har bir vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad - mavjud vaziyatdan talofatlarsiz, salbiy oqibatlarni imkon qadar kamaytirishga qaratilgan.

Bu borada, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining topshiriqlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash va belgilangan sanitariya normalariga rioya etish, mamlakatimizdagi barcha tashkilot va idoralar, qolaversa, yurtimizning barcha fuqarolari uchun majburiy hisoblanadi.

Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan “Aziya” to‘yxonasida insonlarning noqonuniy yig‘ilishi bo‘yicha aholidan “Ishonch telefoni”ga tushgan e’tirozlar asosida, bevosita joyiga chiqib o‘rganilganida, quyidagilar aniqlandi.

Chirchiq shahridagi “Aziya” to‘yxonasida, hozirgi kundagi “fursatdan foydalangan” holda, tibbiy niqob ishlab chiqarish “sexi” faoliyatida Respublika komissiyasi tomonidan chiqarilgan karantin qoidalari va sanitariya talablari qo‘pol ravishda buzilgan.

Chirchiq shahar Sanitariya - epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining 2020 yil 4 apreldagi dalolatnomasida, “Aziya” to‘yxonasida tashkil etilgan tibbiy niqob ishlab chiqarish sexi mutlaqo sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmasligi, jumladan, xodimlarning temperaturasini o‘lchash yo‘lga qo‘yilmaganligi, maxsus kiyim bosh yo‘qligi, kiyimlarni almashtirish xonasi mavjud emasligi, ishlab chiqarish sexida havo almashtirish tizimi yo‘qligi, xonani tozalash va viruslardan zararsizlantirish ishlarini tashkil etish uchun zarur anjomlari va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlanmaganligi qayd etilgan.

Ishlab chiqarish jarayonida, tasdiqlangan minimal ijtimoiy masofa (1,5 metr) saqlanmagan holda tashkil etilgan ish sharoiti, karantin tartiblarining qo‘pol holda buzilishi hisoblanadi va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga omil bo‘ladi. Bu esa, o‘sha to‘yxona binosida yashirin ishlayotgan 260 ta (aniqlashtirilgan ma’lumot) fuqarolarimizning avvalambor o‘zlari, qolaversa, ular bilan aloqada bo‘ladigan oila a’zolari hamda qanchadan-qancha insonlar sog‘lig‘iga juda katta xavf solishini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli.

Faqatgina tirikchilik maqsadida tayyorlanayotgan tibbiyot niqoblari, har kuni yuzlab odamlar bosib o‘tadigan binoning pol qismidagi gilam ustida to‘planib, oddiy polietilen paketlariga o‘ralgan edi.

Tibbiyot mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ushbu tibbiyot niqoblarini xarid qilib, ularni ishonib taqqan har bir insonga virus yuqmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Mazkur holat yuzasidan, Chirchiq shahar prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti tomonidan sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalari buzilganligi bo‘yicha 2020 yil 6 aprel kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi, hozirgi xalqimizga qiyin holatda, o‘z manfaatlarini ko‘zlamasdan, birinchi navbatda, xalq sog‘lig‘i, karantin talablari va yurtimiz aholisining tinchligini ko‘zlashga qaratilgan ishlarni to‘liq qo‘llab – quvvatlaydi.

Kelgusida, soliq organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq masalalar bo‘yicha yuzaga kelgan har qanday savollar bo‘yicha axborot olishingiz uchun Davlat soliq qo‘mitasining Matbuot xizmatiga (Tel: 71 244-98-34, 71 244-98-27) murojaat qilishingizni iltimos qilamiz”, deyiladi DSQ bayonotida.

Ushbu xabar dastlab qo‘mita tomonidan e’lon qilingach, jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, xabar Soliq qo‘mitasi saytidan g‘oyib bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Soliq qo'mitasi niqob

Baholaganlar

372

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing