Niqob mashmashasi: Soliq qo‘mitasi saytidan bir xabar “sirli” tarzda g‘oyib bo‘ldi
Jamiyat
−
08 aprel 2020
17808Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan to‘yxona tibbiy niqoblar tikiladigan sexga aylantirilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergandi. Biroq ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgach, xabar qo‘mitaning rasmiy saytidan olib tashlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Chirchiqda joylashgan “Aziya” to‘yxonasida Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ro‘yxatda turuvchi 31 yoshli M.E. qonuniy hujjatlarsiz tibbiy niqob ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. U o‘z faoliyatini 2 apreldan boshlagan bo‘lgan. Tegishli talablarga rioya qilmay, hududda yashovchi 183 nafar ishchini yollagan. Og‘zaki kelishuv tuzib, har bir niqobga 60 so‘mdan pul berishini aytgan. Mahsulot sifati va sanitariya qoidalariga javob berish masalasi o‘rganilmagan.
Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan 4 aprel kuni bino tekshirilganda, 131 973 dona tayyor tibbiy niqob, 170 000 dona yarim tayyor mahsulot va 21 dona kleylash uskunasi, jami 301 994 dona, umumiy narxi 156 million 696 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklar borligi aniqlangan. “Reyd” davomida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik ashyolari masala qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtinchalik olib qo‘yilgan.
Yodingizda bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 20 martdagi 114-son buyrug‘iga binoan, tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilgandi. Tibbiy niqobni ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmaydi deyilgandi. Ushbu siyosatdan ko‘zlangan asosiy maqsad, tibbiy niqob ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va karantin vaqtida niqobga bo‘lgan ehtiyojni qondirish edi.
Biroq Soliq qo‘mitasi aynan mazkur mahsulotga ehtiyoj borligi, mavjud sexlar uni yetkazib bera olmayotgan bir paytda bunga qarshi “reyd”lar o‘tkazishi qanchalik o‘rinli? Xabarda tadbirkor noqonuniy faoliyat yuritgan deyilgan. Biroq bu qay darajada noqonuniyligi haqida biror so‘z aytilmagan.
Ushbu xabar ayni shu sabab jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, xabar Soliq qo‘mitasi saytidan g‘oyib bo‘lgan va hozircha bu haqda hech qanday tushuntirish berilmagan.
LiveBarchasi