Soliqqa oid huquqbuzarliklar haqida xabar qilganlarga “suyunchi” beriladi
Jamiyat
−
29 yanvar 2022
6030O‘zbekistonda soliqqa oid huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e’lon qilingan “Savdo va xizmatlar ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida shunday tartibni joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Loyiha bilan quyidagi nizomlar tasdiqlanadi:
• Sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini jismoniy shaxslarga qaytarish tartibi to‘g‘risida;
• Aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida maxsus dastur orqali soliq organlariga xabar bergan jismoniy shaxslarga mukofot to‘lash tartibi to‘g‘risida;
Shuningdek, hujjatda quyidagilar nazarda tutilgan:
• Chakana savdo va aholiga xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari aholi bilan hisob-kitob qilish joylarida, shuningdek, kirish joyida va xaridorga ochiq bo‘lgan boshqa joylarda mijozlarga maxsus mobil ilova orqali tovarlarni (xizmatlarni) sotuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektining ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlarni o‘qish imkonini beruvchi maxsus QR-kodni joylashtirishlarini belgilash;
• Savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatishda foydalaniladigan, shu jumladan virtual nazorat-kassa mashinalari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtomatlashtirilgan hisob tizimlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan majburiy integratsiya qilinishini joriy etish.
Qaror loyihasiga ko‘ra, sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini jismoniy shaxslarga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
• jismoniy shaxslarga sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini qoplash huquqini beruvchi shartlar;
• fiskal belgili cheklarni maxsus mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
• sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini qaytarish tartibi;
• tovar qaytarilganda fiskal belgisi bilan cheklarni tuzatish tartibi.
Aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida maxsus dastur orqali soliq organlariga xabar bergan jismoniy shaxslarga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
• aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida soliq organlariga xabar bergan jismoniy shaxslarga mukofot to‘lash shartlari;
• mukofot puli to‘lanadigan soliqqa oid huquqbuzarlik turlari;
• soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish holatlari aniqlanganligi to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilish tartibi;
• aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida soliq organlariga xabar bergan jismoniy shaxslarga mukofot to‘lash tartibi.
LiveBarchasi