Soxta pulning isi chiqdi
Jamiyat
−
18 yanvar 2020
11402Joriy yilning 13 yanvar kuni “Chinor” YPX maskanida xizmat olib borayotgan Ohangaron tumani IIB YPX xodimlari tomonidan ikki yigitdan 1,5 ming dollarga yaqin qalbaki banknotlar topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
YPX xodimlari Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro 33 yoshli U.M. boshqaruvidagi Nexia-2 rusumli avtomobilni tekshirilgan. Natijada 22 yoshli yo‘lovchi I.S.ning yonidan 1 (bir) dona 100 AQSH dollari va 2 (ikki) dona 50 AQSH dollari kupyurasidagi hamda 23 yoshli T.X.ning yonidan 21 (yigirma bir) dona 50 AQSH dollari va 2 (ikki) dona 100 AQSH dollari kupyurasidagi pullari borligi aniqlangan.
Umumiy qiymati 1450 AQSH dollari miqdoridagi pullar shubha tug‘dirganligi sababli tekshirib ko‘rishlik uchun ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sud-texnik ekspertiza xulosasida, I.S. va T.X.lardan olingan 1.450 AQSH dollari miqdoridagi pullar qalbaki ekanligi va AQSHda ishlab chiqarilgan nominal pul kupyurasiga mos kelmasligi qayd etilgan.
Holat yuzasidan Ohangaron tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda U.M. va T.X.lar protsessual tartibda ushlanganlar.
Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.