Soqolga qarshi tadbir boshlandimi? IIV tarmoqda tarqalgan audioga izoh berdi
Jamiyat
−
16 may 2021
15154Ijtimoiy tarmoqlarda “Soqol” tadbiri haqida gap borgan audio tarqaldi. Namangan shahri ichki ishlar bo‘limi tezkor shtab rahbariga tegishli ekani aytilayotgan audioda soqolli fuqarolarni aniqlash va ularning soqoli qirilgandan keyingi va avvalgi suratini olish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Audioda gapirgan odam har bir bo‘lim 20 tadan soqolli fuqaroni keltirib, rasmga olishi, suratlar oldiga uning shaxsiy ma’lumotlarini kiritgan holda topshirishi kerakligi aytiladi.
Audioda “Soqol” tadbirini Ichki ishlar vazirligidan kelgan “mehmonlar” nazorat qilishi ham alohida ta’kidlangan.
“Hurmatli xodimlar, “Soqol” tadbiri bo‘yicha ham… tezlashtirib qilib beraylik. “Gorotdel”dan so‘rayapti, Ichki ishlar vazirligidan kelgan mehmonlar buni nazoratga olgan.
Har bitta “GOM”ga 20 tadan soqolli [fuqaroni] aniqlab, soqoli bilan rasmga olib, keyin soqoli oldirilgani holatini ham rasmga olib, oldiga ma’lumotini yozasizlar: qayerda yashaydi, nechanchi yilda tug‘ilgan, kim u?
Xuddi shunday qilib tezlashtirib qilib berishimiz kerak. Har bitta “GOM”ga 20 tadan [reja] berilgan, bizda hali bittayam bo‘lgani yo‘q. Kechqurun so‘rov bo‘ladi, e’tiroz bo‘lyapti, bo‘la qolinglar!”, deydi deydi buyruq bergan shaxs.
Holatga aniqlik kiritishi uchun Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landik. U tizimda bunday amaliyot o‘tkazilishini inkor qildi.
“Ichki ishlar organlarida bunday nomlanadigan tadbir umuman yo‘q. Soqol qo‘yish yoki qo‘ymaslik har fuqaroning o‘ziga, e’tiqodiga bog‘liq. Bunga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.
[Buyruq bergan] ovoz masalasini biz kimga tegishli ekanligini o‘rganib ko‘ramiz, shunga qarab ish tutamiz”, dedi Shohrux G‘iyosov.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil avgust oyida Toshkent shahridagi “Malika” maishiy texnika buyumlari bozoridan o‘nlab fuqarolar IIB binosiga olib ketilib, majburan soqollari olingan edi.
Avvalroq, AQSH Davlat departamenti “Xalqaro diniy erkinlik” to‘g‘risidagi 2020 yilgi hisobotni e’lon qilgandi. Unda O‘zbekistonda soqol siyosati bo‘yicha tortishuvlar davom etayotgani qayd etilgandi.