Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik rivojlantiriladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

Joriy yilning 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida nodavlat tibbiyot muassasalari sonini yanada ko‘paytirish hamda ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, xususiy tibbiyot muassasalarining aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishdagi hissasini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etishning institutsional va huquqiy mexanizmlarini yaratish masalasi hali-hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Xususiy sog‘liqni saqlashni yanada rivojlantirish, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyalarni, ayniqsa, chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish, shuningdek, aholining yuqori texnologik tibbiy xizmatlar va uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektori ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida:

1. Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki:

a) sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat va xususiy sherik o‘rtasida quyidagi bir yoki bir necha shakllarni birlashtirish orqali amalga oshiriladi:

sog‘liqni saqlash sohasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish;

sog‘liqni saqlash sohasida tovarlarni yetkazish, ishlarni bajarish
va xizmatlar ko‘rsatish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;

v) bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanadi. Bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak;

g) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan ob’ektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga topshiriladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya kiritadigan investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlash (keyingi o‘rinlarda – imtiyozli kreditlash) to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Jamg‘arma davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilinadigan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2718-son qaroriga asosan ochilgan kredit liniyalarining tanlanmagan mablag‘lari hisobidan vakolatli tijorat banklariga 10 yil muddatgacha, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR plyus 2 foizga teng, umumiy miqdori 200 million AQSH dollarigacha bo‘lgan kredit liniyalarini ochsin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasidaimtiyozli kreditlash tijorat banklari tomonidan:

faqatgina import qilinadigan zamonaviy tibbiy uskunalar va inventarlarni sotib olish uchun – chet el valyutasida kiritiladigan investitsiya umumiy hajmining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, 8 yilgacha bo‘lgan muddatga qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birga yillik 1 foiz miqdorida;

investor tomonidan kiritiladigan investitsiyalar umumiy hajmining 80 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida xususiy, shu jumladan, xorijiy investitsiya kiritish sharti bilan amalga oshiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Adliya vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan birgalikda bir oy muddatda va keyinchalik har yili davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish maqsadida davlat tibbiyot muassasalarining yer uchastkalari, binolari yoki ularning qismlari va xonalari, shuningdek, samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan davlat tibbiyot muassasalari hamda sog‘liqni saqlash sohasida ustuvor yo‘nalishga ega bo‘lgan tibbiy va qo‘shimcha xizmatlar ro‘yxatini shakllantirsin va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli ixtisoslashgan veb-saytlarga joylashtirsin;

ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik bitimlarining namunaviy shakllariniishlab chiqsin va tasdiqlasin;

uch oy muddatda sog‘liqni saqlash sohasida, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ishtirokida amalga oshiriladigan birlamchi ahamiyatga ega bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining konsepsiyasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

2019 yil 15 avgustga qadar davlat-xususiy sheriklik bitimlarini tuzish huquqini beruvchi tender e’lon qilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan birgalikda, shu jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari, texnik ko‘mak mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ekspertlar va konsultantlarni jalb etgan holda davlat-xususiy sheriklik aniq loyihalarining konsepsiyalari, bitimlari hamda tender hujjatlarining ishlab chiqilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy investorlarga davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risida ma’lumot yetkazilishini, shu jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida va “Investitsiya portali”da e’lon berish orqali ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, boshqa ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti negizida davlat tibbiyot muassasalari rahbarlari uchun xorijiy investorlarni jalb etish va sog‘liqni saqlash sohasida investitsion faoliyatni boshqarish masalalari bo‘yicha mazkur tibbiyot muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil qilsin;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimovga – sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish doirasida vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, mazkur qarorning amalga oshirilishini muntazam muhokama qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorovga – sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan byudjet mablag‘larining hajmini o‘z vaqtida aniqlash;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shodmonovga – sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash hamda ularni amalga oshirish, loyihalar tashabbuskorlariga zarur bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar, statistik va boshqa ma’lumotlarni olishda ko‘maklashish;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G.A.Xoljigitovga – Sog‘liqni saqlash vazirligiga davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, aniq loyihalarning konsepsiyalari, bitimlari hamda tender hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘maklashish yuzasidan shaxsiy javobgarlik belgilansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.A.Abduhakimov, E.M.G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 16 aprel


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

10

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing