Sog‘liqni saqlash sohasida 1,2 mlrd dollarlik 5 ta loyiha amalga oshiriladi
Jamiyat
−
28 fevral 2025 3576 2 daqiqa
Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 5 ta, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida 745 million dollarlik 6 ta hamda oliy ta’lim sohasida 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshiriladi. Bu haqda bugun, 28 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishish chog‘ida aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, ushbu topshiriqqa binoan Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlar xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Shuningdek, madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
“Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan bo‘lib, yana qo‘shimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan”, deyiladi xabarda.
Qolaversa, shu kabi bo‘sh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sog‘lomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etilgan. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surilgan.
Davlat rahbari ijtimoiy sohadagi vazirliklar hamda mahalliy hokimliklarga tegishli ob’ektlar kesimida “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlab, ijrosini ta’minlash, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi