Sobiq Prezidentning ukasi AQSHdagi elchi lavozimidan bo‘shatildi

Olam

image

Avvalroq, Qirg‘izistonni 2010-2011 yilllarda vaqtincha boshqargan sobiq Prezident Roza Otunbayeva Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyevga qora qutini (2010 yilning aprel-iyun oylarida Qirg‘izistonda yuz bergan voqealar nazarda tutilgan – tahr.) ochmaslik haqida maslahat bergandi. Oradan bir necha kun o‘tib, Prezident Sadir Japarov Roza Otunbayevaning ukasi – Qirg‘izistonning AQSH hamda Kanadadagi favqulodda va muxtor elchisi Bolot Otunbayevni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bolot Otunbayev – Qirg‘izistonni 2010-2011 yilllarda vaqtincha boshqargan sobiq Prezident Roza Otunbayevaning ukasi. U ushbu lavozimni 2019 yil boshidan beri egallab kelgan. Otunbayev Tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatini 1998 yilda, Rossiyadagi elchining birinchi kotibi lavozimida boshlagan.

Sadir Japarov boshqa bir farmon bilan Baxtbek Amanboyevni ushbu lavozimga tayinladi.

Qayd etilganidek, avvalroq Otunbayeva Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyevga 2010 yilning aprel-iyun oylarida Qirg‘izistonda yuz bergan voqealarni “kovlamaslik” bo‘yicha maslahatlar bergandi.

Otunbayevaga ko‘ra, 2010 yil 7 aprel kuni Qirg‘izistonda yuz bergan inqilob mamlakatning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Kurmanbek Bakiyev olib borgan adolatsiz siyosatning mevasi edi. 

“Hozir hukumatda turganlar istasa, [2010 yilgi voqealar bo‘yicha] tergovni qayta boshlasin. Ammo vaqtinchalik hukumat a’zolarining aytilmagan so‘zlari ham ko‘p. Agar ular yuzaga chiqadigan bo‘lsa, nima bo‘lishini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi”, degandi Qirg‘izistonni vaqtincha boshqargan Otunbayeva.

Uning xavotirlanishiga mamlakatning amaldagi Prezidenti Sadir Japarovning joriy yil 2 aprel kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga 2010 yilda sodir bo‘lgan iyun voqealarini qayta tekshirishni topshirgani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sobiq Prezident Roza Otunbayevaga 2010 Qirg‘iziston voqealari bo‘yicha jinoyat ishi ochilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning ko‘rsatmasiga binoan, joriy yilning 15 aprelida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 304-moddasi 4-qismi (suiste’mol qilish) bo‘yicha jinoiy ish tergovini davom ettirgan. Qirg‘izistonning Bakiyevdan keyingi muvaqqat hukumati mansabdorlariga qarshi jinoiy ish 2010 yil may-iyun oylarida Respublikaning janubida ayanchli oqibatlarga olib kelgan voqeaning sababchilaridan biri bo‘lgan Qodirjon Botirovning mamlakat tashqarisida to‘siqsiz noqonuniy harakat qilishini osonlashtirgani uchun qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, Bakiyevdan keyin Qirg‘izistonni muvaqqat Prezident sifatida Roza Otunbayeva boshqarayotgandi.

2016 yilda Qirg‘izistonda sirtdan sudlangan tadbirkor Qodirjon Botirov intervyuda Qirg‘izistonni eks-prezident Roza Otunbayeva tavsiyasi bilan tark etganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

303

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing