Sobiq Prezidentning sirli tashrifi: Saakashvili Gruziyaga qanday kirdi?
Olam
−
10 Oktabr 2021
10000“Mtavari arxi” telekompaniyasi Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvilining mamlakatga qanday qilib, kirib kelgani haqidagi materiallarni namoyish qildi.
Ta’kidlanishicha, hukumat Saakashvilining Gruziyaga qaytganidan xabari bo‘lmagan. Rasmiylar Saakashvilining o‘zi mamlakatning Batumi shahrida bo‘lib turgani aks etgan videolavhani ijtimoiy tarmoqlarga joylaganidan so‘ng xabar topgan. Shundan keyin huquq-tartibot organlari qidiruvda bo‘lgan sobiq Prezidentni izlashga tushgan.
Ma’lum qilinishicha, sobiq Prezident vataniga Ukrainadan yo‘lga chiqqan paromda kelgan. Tbilisi tomon yo‘l olgan Saakashvili yo‘l-yo‘lakay Gruziyaning Abasha, Batumi va Kutaisi kabi shaharlariga kirib o‘tgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, paromda sut mahsulotlari ortilgan yuk mashinasi bo‘lgan. Saakashvili aynan o‘sha yuk avtomobilining shamollatish bo‘linmasiga yashirinib olgan holda chegaradan o‘tgan. Noqulay bo‘lsa-da, siyosatchi o‘sha bo‘linmada 48 soat vaqt o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Mixail Saakashvili joriy yilning sentyabr oyi oxirida vatani – Gruziyaga qaytdi va oktyabr oyi boshida hibsga olindi. Unga nisbatan o‘z vatanida bir necha moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qidiruvga berilgani sabab qo‘lga olingan.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarosi o‘zga yurtda hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:
- Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
- o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi