Sobiq prezidentning rafiqasi korrupsiyada aybdor deb topildi

Olam

image

Bugun, 28 yanvar kuni Seul markaziy okrug sudi sobiq Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xini korrupsiyada aybdor deb topdi. Bu haqda sud majlisining jonli efirida ma’lum qilindi.

Seul markaziy okrug sudining 27-jinoiy bo‘limi 28 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:10 da hukm chiqarish bo‘yicha sud majlisini o‘tkazdi. Majlis yakunida sud sobiq birinchi xonimni aybdor, deb e’lon qildi.

Sud majlisi jonli efirda namoyish etildi. Bu Kim Gon Xiga nisbatan chiqarilgan birinchi sud hukmi va ilk bor jonli efirda ko‘rsatilgan sud jarayoni bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 3 dekabr kuni harbiy holat joriy etishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng lavozimini tark etgan sobiq davlat rahbari Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi bir qator og‘ir ayblovlar bilan sudga tortilgan edi. Xususan, u Deutsche Motors avtosaloni aksiyalari bilan bog‘liq firibgarlikda, biznes manfaatlari evaziga Unification Church diniy tashkilotidan qimmatbaho sovg‘alar – sumkalar va zargarlik buyumlarini qabul qilganlikda, shuningdek, saylovlar vaqtida jamoatchilik fikri so‘rovlarini manipulyatsiya qilishda ayblangan.

2025 yil dekabr oyida maxsus prokuror Min Jun Ki boshchiligidagi tergov guruhi Kim Gon Xi uchun 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘ragan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. U rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda va harbiy holat joriy etish uchun qonuniy talablarga rioya qilmaslikda aybdor deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Janubiy Koreya Sud Kim Gon Xi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing