Sobiq prezident KXDRni harbiy tajovuzga undagan – prokuror
Olam
−
15 dekabr 2228 2 daqiqa
Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreyani harbiy tajovuzga undashga uringan. Bu haqda mamlakatning maxsus prokurori Cho In Sok ma’lum qildi.
Prokurorning aytishicha, Yun bu yo‘l bilan 2024 yil dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy etilishini oqlamoqchi bo‘lgan.
Cho In Sokning bildirishicha, Yun Sok Yol harbiy holat rejimini e’lon qilish va siyosiy raqiblarini chetlatish uchun aynan shunday ssenariyga umid qilgan.
Maxsus prokurorlar guruhi qo‘zg‘olon ishidagi ehtimoliy ishtiroki uchun jami 24 nafar shaxsga, jumladan sobiq prezident va hukumatning besh nafar sobiq a’zosiga ayblov qo‘ygan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Yun Sok Yol Shimoliy Koreya tomonga dronlar uchirishni buyurgan. Maqsad jangovar harakatlarni qo‘zg‘atish va bundan Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish uchun bahona sifatida foydalanish bo‘lgan. Janubiy Koreya dronlari KXDR poytaxti Pxenyan yaqinida qulagan. Tergovchilarning fikricha, Yun harbiy ma’lumotlarni uzatish orqali “dushmanga foyda keltirgan”.
2024 yil dekabr oyining boshida Janubiy Koreyada siyosiy inqiroz yuzaga kelgan. Byudjet bo‘yicha bahslar fonida Yun Sok Yol kutilmaganda mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qilib, bu qarorni muxolifatning davlatga qarshi faoliyati bilan izohlagan.
Biroq parlament bu qarorni tasdiqlamagan va ertasi kuni davlat rahbari uni bekor qilishga majbur bo‘lgan. 2024 yil 14 dekabrda deputatlar Yunga impichment e’lon qilgan, 2025 yil aprel oyi boshida esa mamlakat Konstitutsiyaviy sudi bu qarorni tasdiqlagan.
Yun Sok Yol 15 yanvar kuni ikkinchi urinishda hibsga olingan, birinchi urinish uning qo‘riqchilari qarshiligi sababli muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Dastlab sud sobiq prezidentni qamoqqa olishga qaror qilgan, biroq 8 mart kuni himoya tomonining iltimosi qondirilib, u ozodlikka chiqarilgan. Shunga qaramay, Yun Sok Yolga nisbatan tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yun Sok Yol o‘z vakolatini suiiste’mol qilish va dushman davlatga, xususan, Shimoliy Koreyaga yordam berganlikda ayblangandi.
Live
Barchasi