Sobiq futbolchi Ukrainadagi urushda halok bo‘ldi

Sport

image

Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Aleksey Bugayev 43 yoshida Ukrainadagi urushda vafot etdi. Bu haqda kecha, 29 dekabr kuni sport huquqshunosi Anton Smirnovga tayanib, “Sports.ru” xabar berdi.

Moskvaning “Torpedo” klubi tarbiyalanuvchisi Aleksey Bugayev Moskvaning “Lokomotiv”, “Tom” va “Krasnodar” klublarida ham to‘p surgan. 2003-2005 yillarda u Rossiya terma jamoasi uchun yettita o‘yin o‘tkazgan, shu jumladan 2004 yilgi Yevropa chempionatida ikkita o‘yinda qatnashgan. Bugayev 2010 yilda 29 yoshida sportni tark etgan. U katta futbolni tark etishiga oilaviy sharoitini sabab qilib ko‘rsatgan.

2023 yilning oktyabr oyida Aleksey Bugayev umumiy og‘irligi salkam 500 gramm bo‘lgan metilefedron bilan qo‘lga olingan edi. 2024 yilning sentyabr oyida u giyohvand moddalarni sotishga urinishda ayblanib, 9,5 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan. Uning advokati politsiya dalillarni soxtalashtirganini ta’kidlagandi, ammo sudda sobiq futbolchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan va tavba qilganini aytgandi.

Hukm e’lon qilingandan so‘ng, Bugayevning advokati Konstantin Jerebsov sobiq futbolchi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, frontga ketish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marokash terma jamoasi va Fransiyaning “Marsel” klubining sobiq yarim himoyachisi Abdelaziz Barrada yurak xuruji tufayli 35 yoshida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina urush Rossiya terma jamoasi Aleksey Bugaev sobiq futbolchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing