Sobiq futbolchi go‘zallik tanlovida hakam bo‘ladi
Sport
−
10 noyabr 2025 1818 2 daqiqa
Angliyaning “Chelsi” jamoasining sobiq yulduzi Klod Makelele bu yilgi “Olam go‘zali” (Miss Universe 2025) tanlovida hakam sifatida ishtirok etadi. Bu haqda “talk Sport” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Makelele joriy yilning 21 noyabr kuni Tailandda o‘tkaziladigan “Miss Universe 2025” tanlovida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida qatnashadi. “Stamford Bridj”da besh yil davomida to‘p surib, ikki bor Angliya Premer-ligasi chempionligini qo‘lga kiritgan Makelele endi futboldan tashqarida ham o‘zini sinab ko‘rmoqda. 2011 yilda faoliyatini yakunlagandan so‘ng murabbiylik faoliyatini boshlagan fransiyalik sobiq yarim himoyachi “Daily Star” nashriga bergan intervyusida yangi tajriba haqida shunday dedi:
“Menimcha, hayotda ko‘p tajriba orttirish kerak. Menga bu imkoniyatni taklif qilishdi. Nega yo‘q deyishim kerak? Biz hammamiz ayollardan tug‘ilganmiz, ularni qadrlaymiz va go‘zallikni ko‘rishni yaxshi ko‘ramiz. Bu mening bu sohadagi birinchi tajribam bo‘ladi”, deydi Makelele.
52 yoshli Makelele futbol tarixida yarim himoyachi sifatida o‘z o‘rnini qoldirgan. U faoliyati davomida “Real Madrid”, “Chelsi”, “Marsel”, PSJ, “Nant” va “Selta Vigo” jamoalarida o‘ynagan. Fransiya terma jamoasi safida 71 ta o‘yin o‘tkazib, 2006 yilgi Jahon chempionatida ham ishtirok etgan.
Malumot uchun, Makelele futbolchilik faoliyatidan so‘ng murabbiy sifatida “Bastiya” (Fransiya) va “Eypen” (Belgiya) klublarini boshqargan, shuningdek, u “Suonsi”da Pol Klementning yordamchisi sifatida ishlagan.
Live
Barchasi