Sobiq elchi Isroilning O‘zbekistondagi rasmiysi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

2017-2023 yillarda O‘zbekistonning AQSH, Kanada va Braziliyadagi elchisi vazifasini bajargan Javlon Vahobov Isroilning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Zeavit Ben Hillel bilan uchrashdi. Bu haqda bugun, 9 fevral kuni diplomat o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida 3 xil (ingliz, o‘zbek, rus) tilda ma’lum qildi.

"Isroil elchisi Zeavit Ben Hillelga mintaqalarimizdagi vaziyat hamda O‘zbekiston va Isroil munosabatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, xolis va ochiq suhbat qurgani uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman", degan ayni damda Markaziy Osiyo xalqaro instituti rektori lavozimida ishlayotgan Vahobov.

Qayd etilishicha, ular ikki tomonlama kun tartibi kontekstida Isroilning doimiy o‘zgaruvchan iqlim, urbanizatsiya va suv tanqisligi sharoitida suv resurslari sohasidagi ilg‘or tajribasi, shuningdek, O‘zbekistonda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan bilimlar haqida gaplashgan.

"Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari tobora yaqinlashib borayotgan bir davrda, elchi xonim bilan hamkorlikning yangi mexanizmlari yuzasidan atroflicha fikr almashdik", deya qo‘shimcha qilgan sobiq elchi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 2 aprel kuni Javlon Vahobov O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi lavozimini tark etgan va joriy yilning 3 yanvaridan Markaziy Osiyo xalqaro institutining yangi direktori etib tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston elchi Isroil Javlon Vahobov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing