Sobiq AOKA rahbari Raqamli texnologiyalar vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 10 sentyabr kuni Asadjon Xo‘jayev Raqamli texnologiyalar vazirining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tegishli farmoyishi bilan Asadjon Ozodbekovich Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Asadjon Xo‘jayev 1970 yilda tug‘ilgan. U Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (2001 yil) bitiruvchisi. Mutaxassisligi – elektroaloqa muhandisi, iqtisodiyot magistri.

1995-2001 yillarda Aloqa vazirligi, Pochta va telekommunikatsiya markaziy apparatida ishlagan, 2001-2003 yillarda “O‘zbekiston pochtasi” Davlat aksionerlik kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Shuningdek, 2012-2017 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori sifatida, O‘zbekiston Prezidenti davlat maslahatchisi o‘rinbosari – Prezident matbuot xizmati rahbari, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ham faoliyat olib borgan. Shu bilan birga, u O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i lavozimida ham ishlagan.

Asadjon Xo‘jayev 2020 yilning iyulidan 2025 yilning iyuligacha Prezident Administiratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Prezident farmoni bilan AOKA faoliyati tugatilgan edi. Shuningdek, Xo‘jayev ham rahbarlik lavozimidan ozod etilgan. Shudan beri u Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat”) boshlig‘ining maslahatchisi sifatida faoliyatini davom ettirayotgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing