Sobiq amaldor $324 millionlik korrupsiya ishi bo‘yicha o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Bugun, 6 iyul kuni Xitoy sudi mamlakat sharqidagi Nankin shahri sobiq yuqori lavozimli amaldori Yan Yulinni korrupsiya, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topib, o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Szyansu viloyatining Chanchjou o‘rta xalq sudi ma’lumotiga ko‘ra, Yan Yulin 1993–2023 yillar davomida turli davlat lavozimlarida ishlagan vaqtida 2,2 milliard yuandan (324 million AQSH dollari) ortiq mablag‘ va mulkni noqonuniy ravishda qabul qilgan.

Qayd etilishicha, Xitoy Raisi Si Szinpin boshlagan ko‘p yillik korrupsiyaga qarshi kampaniya davomida mamlakatdagi millionlab amaldorlar tekshiruvdan o‘tkazilgan. Biroq bu ishlarning aksariyati intizomiy jazo bilan yakunlanardi. Sudgacha yetib borgan korrupsiya ishlarida o‘lim jazosi tayinlanishi va uning ijro etilishi esa so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida juda kam uchraydi. Katta miqdorda pora olgan amaldorlarga ko‘pincha umrbod qamoq jazosiga almashtirilishi mumkin bo‘lgan shartli o‘lim jazosi beriladi.

Sud bayonotida qayd etilishicha, Yan Yulin katta miqdorda pora olgan, jinoiy holatlar o‘ta og‘ir bo‘lgan va jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

“Yan Yulin sudda so‘nggi so‘zini aytib, aybini tan oldi va qilmishidan pushaymonligini bildirdi”, deyiladi sud bayonotida.

So‘nggi yillardagi ma’lum korrupsiya ishlarida o‘lim jazosi, asosan, pora miqdori 1 milliard yuandan (147 million dollar) oshgan hollarda qo‘llangan. 2024 yilda Ichki Mo‘g‘uliston hududidagi amaldor Li Szyanpin 3 milliard yuandan ortiq mablag‘ bilan bog‘liq korrupsiya ishida aybdor deb topilib, qatl etilgan.

Yana bir yirik ishda esa Shansi viloyati sobiq amaldori Chjan Chjunshen 2018 yilda 1 milliard yuandan ortiq pora olgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan, ammo 2021 yilda apellyatsiya natijasida bu jazo shartli o‘lim jazosi va umrbod qamoq bilan almashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Oliy harbiy sud sobiq mudofaa vazirlari Vey Fenxe va Li Shanfularni 2 yillik sinov muddati bilan shartli o‘lim jazosiga hukm qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing