Sobiq “Abu-Sahiy” bozorida nega mashmasha chiqdi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Tashkent Trade Center” xususiy korxonasiga qarashli poytaxtning yirik savdo markazilaridan biri — sobiq “Abu-Sahiy” bozoridagi mato sotishga mo‘ljallangan 1-blokidagi do‘kon egalari va ijarachilarning ma’muriyat oldiga ommaviy to‘planib, norozilik bildirishlari aks etgan video tarqaldi.

“Tashkent Trade Center” ma’muriyati masalaga oydinlik kiritdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi FVV YOXBB Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi Boshqarmasi tomonidan 1-blok hududida joylashgan savdo do‘konlarining yong‘inga qarshi holati o‘rganiladi va yong‘in sodir bo‘lishiga sabab bo‘luvchi bir qancha kamchiliklar aniqlanadi. Bunga ko‘ra, mazkur holatning oldini olish maqsadida, 1-blok hududida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish zaruriyati to‘g‘risida “Tashkent Trade Center” XKga xulosa taqdim etiladi.

Jumladan, korxonada doimiy faoliyat olib boruvchi “Yong‘in xavfsizligi bo‘limi” tomonidan ham 1996-1997 yillarda, 700 ga yaqin temir konteynerlardan 14-15 m2 hajmdagi barpo etilgan 1-blok hududidagi savdo do‘konlarini muntazam o‘rganishi mobaynida yuqoridagi kamchiliklar o‘z tasdig‘ini topgan. Ushbu muammolarni bartaraf etishi yuzasidan tegishli choralar ko‘rish rejasi doirasida 1-blokdagi do‘konlarni o‘rniga yangi, zamon talablariga to‘liq javob beradigan savdo majmuasini tashkil etib, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng, mulkdorlarga qayta topshirish rejalashtirilgan edi.

Shundan so‘ng, korxona ma’muriyatining yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda bozor hududini zamonaviy ko‘rinishga olib kelishga qaratilgan rejasi amalga oshgunga qadar 1-blokdagi “konteyner do‘konlar”ning ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, ularni qayta rekonstruksiya qilish masalalarini ko‘rib chiqayotgani va tegishli takliflar o‘rganilayotganligi haqida mulkdorlar ogohlantirildi.

2019 yilning dekabr oyiga kelib, “Tashkent Trade Center” xususiy korxonasi zamon talablariga to‘liq javob beradigan 700 ta savdo do‘konini (omborxonali) o‘z ichiga olgan savdo majmuasining qurilishini yakunladi. 

“1-blokda rekonstruksiya ishlari yakunlangandan so‘ng, mulkdorlarga o‘ringa-o‘rin o‘z omboriga ega savdo do‘konlarini taqdim etish xam ko‘zda tutilgan edi”, deyiladi korxona tomonidan berilgan ma’lumotda.

“Mato bozori”ning mulkdorlari hamda ijarachilari esa, bu taklifga ko‘nmadi. Tadbirkorlar bozor ma’muriyatiga do‘konlarni bosqichma-bosqich qurishni, avval 10 ta do‘konni qurib, keyin qolganlariga o‘tishni ham taklif qilishdi. Lekin bozor ma’muriyati shuni rasman ma’lum qiladiki, yangi savdo majmuasini qisman yoki bo‘lib-bo‘lib qurib bo‘lmaydi. Sababi, bir qurilish binosi yagona tizim va aniq rejaga tayangan smeta asosida amalga oshiriladi.

“Bundan tashqari, 1-blok savdogarlari tomonidan, yangi barpo etilgan savdo majmuasining 1-qavatidan vaqtincha do‘konlar ajratib berilishi taklifi xam ilgari surildi. Bunga javoban ma’lum qilamizki, korxonamiz tomonidan 1-qavatdagi do‘konlarni 1-blok hududidagi savdo do‘konlari hisobidan kelib chiqqan holda, taqsimlash imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, 1-blok hududini qayta qurib bitkazish ishlari rejalashtirilishi jarayonida, yangi barpo etilgan savdo majmuasining pastki qavatidan aynan 1-blok mulkdorlari foydalanib turishlari uchun 18-20 m2 hajmdagi do‘konlar qurildi. 1-blok hududini vaqtincha ko‘chirish ishlarida sig‘im yuzasidan muammo kelib chiqmasligi uchun mazkur do‘konlarni korxona tomonidan sotish yoki ijaraga berish ishlari umuman amalga oshirilmadi”, deb ma’lumot bermoqda korxona ma’muriyati.


Maqola muallifi

Teglar

Abu-Sahiy mashmasha

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar