Sobiq hokim 43 nafar talabaning o‘limida gumonlanib qo‘lga olindi

Olam

image

Meksikaning janubidagi Gerrero shtati sobiq gubernatori Anxel Agirre 2014 yilda bedarak yo‘qolgan 43 nafar talabaning taqdiriga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan dalillarni yo‘q qilishni buyurganlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Bosh prokurori Ernestina Godoy ma’lum qildi.

Bosh prokurorning aytishicha, Anxel Agirre odil sudlovga to‘sqinlik qilish va majburiy yo‘qolish jinoyatlarida ayblanmoqda. U esa avvalroq o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan edi. 

Bu ish Meksika tarixidagi inson huquqlari bilan bog‘liq eng og‘ir fojialardan biri hisoblanadi. Tergov jarayonidagi xatolar va aralashuvlar tufayli ish yillar davomida bahslarga sabab bo‘lib kelgan.

Xalqaro tekshiruvlar xulosasiga ko‘ra, Ayotsinapa qishloq o‘qituvchilar kolleji talabalari Mexiko shahridagi namoyishga ketayotgan vaqtda uyushgan jinoiy guruh a’zolari hamda politsiya xodimlari til biriktirib ularni o‘ldirgan. Hozirgacha 3 nafar talabaning jasadi rasman aniqlangan, qolganlarining taqdiri esa hamon noma’lum.

Ernestina Godoyning ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar va may oylarida 2 nafar shaxsning, jumladan himoya ostidagi bir guvohning ko‘rsatmalari Anxel Agirre talabalar yo‘qolgan tunga oid dalillarni yo‘q qilish bo‘yicha ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. U yig‘ilish qachon bo‘lib o‘tgani yoki qaysi dalillar yo‘q qilinganiga aniqlik kiritmagan.

“Yangi dalillar tahlili va qonuniy tartib-taomillarga muvofiq o‘tkazilgan tekshiruv Anxel “N”, Gerrero shtati sobiq gubernatori, talabalarning qayerdaligini aniqlashga yordam berishi mumkin bo‘lgan dalillarni yo‘q qilishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi”, degan Godoy. 

Meksika qonunchiligiga ko‘ra, bu o‘rinda gumonlanuvchining familiyasi to‘liq oshkor etilmagani uchun “N” harfi qo‘llanilgan. Godoyning so‘zlariga ko‘ra, shtat hokimiyati avvalroq talabalar hukumat binolari yaqinidan avtobuslarda o‘tayotganini tasvirga olgan kuzatuv kameralari yozuvlari mavjud emasligini bildirgan.

Biroq, avval tahdidlar tufayli sukut saqlagan guvoh joriy yilda tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Mazkur ishni tekshirgan Mustaqil ekspertlar xalqaro fanlararo guruhi a’zosi Anxela Buitrago ularning jamoasi Anxel Agirrega oid tergov yo‘nalishini 2015 yildayoq ochganini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, yangi ma’lumotlar davlat ushbu jinoyat uchun mas’ul ekani haqidagi avvalgi xulosalarni yanada mustahkamlaydi. Agar Agirre yo‘q qilishni buyurgani aytilgan videotasvirlar ertaroq ma’lum bo‘lganida, talabalarni topish imkoniyati yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi.

“Bu davlat jinoyatidir, uni shtat yoki federal hokimiyat vakillari sodir etganidan qat’i nazar”, degan Buitrago.

Qayd etilishicha, 2012–2018 yillarda Meksika prezidenti bo‘lgan Enrike Penya Netoning matbuot kotibi izoh berish haqidagi so‘rovga hozircha javob bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning sobiq maslahatchisi Jonibek Quvondiqov xorijiy investorlarga nisbatan yirik miqdordagi firibgarlik sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing