“Sizlar kabi men ham aldandim”. Jahongir Xo‘jayev teleo‘yindan o‘zi ham pul ololmaganini aytdi
Madaniyat-san’at
−
29 noyabr 2022
44131Kecha, 28 noyabr kuni “Omadingizni bersin” teleo‘yini sovrindorlarining yutuqlari 2 milliard so‘mga yetgani, ammo 55 nafar ishtirokchi bugungi kungacha o‘z mukofotlarini ololmayotgani haqida xabar bergan edik. Ushbu ko‘rsatuvning 11 ta sonida boshlovchilik qilgan Jahongir Xo‘jayev Instagram'sahifasi orqali videomurojaat bilan chiqdi va o‘zi ham pulini olmaganini aytdi.
“Men sizlarga hammasini aytib beraman. Qanchadan-qancha odam pulini olmagani kabi men ham pulimni olmaganman. Meni oldimga, shunday loyiha bor, deb kelgan Mirvohid aka degan odam bilan biz “Real Xit” ko‘rsatuvini qilganmiz. “Omadingizni bersin” teleo‘yinida “Har bitta ko‘rsatuvim uchun pul beraman”, deb aytgan. Ikkita-uchta ko‘rsatuv o‘tdi, lekin pul berishmadi. Men “mayli, shu ko‘rsatuv yurib olsin”, dedim. Ikki-uchta ko‘rsatuvda odamlarga sovg‘a berilganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Ko‘rsatuvlar suratga olinayotganida oldimga odamlar kelib, “Jahongir, men yutgan konditsionerni berishmadi”, deb aytishdi. Mirvohid akani oldiga borib, “sovg‘asini bermasak noto‘g‘ri-ku”, deb aytganman. Ular esa, “Jahongir, hozir kechikish bo‘lib qoldi, sovg‘asini beryapmiz”, deyishdi. Men boshlovchiman-ku deb pulimni olib yuraversam bo‘lardi. Lekin men surishtirganman. Menga 90 kun ichida beramiz, xat qildik deyishgan”, deydi u.
Jahongir Xo‘jayevga ko‘ra, ular o‘z haqqini ololmaganidan keyin ikkinchi boshlovchi Dilshod Nazarov bilan ko‘rsatuvni tark etgan, lekin ko‘rsatuv yangi boshlovchilar bilan davom etavergan. Shu sababli u kecha tarqalgan xabarlar uning nomi va surati bilan bog‘lanayotganidan noroziligini aytgan.
“Xabarlarda “MAA” savdo belgisi deb aytilgan lekin hech qayerda Jahongir Xo‘jayev deyilmagan. Biroq ko‘pchilik meni ham ayblayapti, Instagram'dan xatlar kelyapti. Izohlarni ham ko‘ryapman, meni firibgar deb yozishyapti. Ikkinchi boshlovchi Dilshod bilan o‘nta sonidan keyin ko‘rsatuvdan ketib bo‘lganmiz. Chunki mening ham pulim cho‘zilib ketdi. Ko‘ringlar, 10 ta sonidan keyin boshqa boshlovchilar chiqdi [11ta sonidan keyin – tahr.] Men bilan boshlovchilik qilgan Dilshod ham pulini olmagan. Bir-birimizga qarab qolganimizda, ular qamalib ketadigan ahvolda ekan, “shu pulni olib nima qilasan, kechib yubor”, deganman. Lekin ko‘rsatuvning 16 ta soni efirga ketgan. Ehtimol, men boshlovchilik qilgan sonlarimda ham sovg‘alar berilmagandir. Men bunga javobgar bo‘lmayman. Meni surishtirib Prokuraturaga ham chaqirishdi, men ularga, “Faqat boshlovchiman, kelishuvda faqat boshlovchilik bor edi”, deb yozib berganman”, deydi u.
Jahongir Xo‘jayevning ta’kidlashicha, “Omadingizni bersin” ko‘rsatuvining ijodkorlari avval ham boshqa yutuqli teleo‘yinlarni o‘tkazib kelgan. Qolaversa boshlovchi pullar o‘marilganini ham ochiqlagan.
“Ularning [telefon] raqamlari avgust oyidan beri o‘chiq. Mayli, Alloh uchun kechdim shu puldan. Sababi bular yaxshi insonlar, ular oldin sizlar bilgan boshqa kapital shoularni ham qilishgan. Bilsam bularning bitta sherigi dilerlardan pulni olib, tovarni chiqarmasdan, pulni “uxlatib” qochgan. O‘rtada turgan bu bechoralar pulsiz qolib ketgan, o‘yin efirga ketib bo‘lgan, cho‘ntakda pul bo‘lmagani uchun o‘yinni to‘xtatishgan. Yangi boshlovchilar bilan gaplashganimda, “ko‘rsatuv yopildi, hozir tergov ishi qo‘zg‘atilgan, bechora bolalarni aldashdi”, deb aytishdi. Ular ham birovni aldayman, deb ko‘rsatuv qilmaydi. O‘zlarida katta muammo bo‘ldi, kimdir pulni “yeb ketgan”, degan Xo‘jayev.
Shuningdek, teleboshlovchi o‘z videomurojaati vaqtida “Mirvohid” ismli shaxs bilan yozishmalari tarixini ko‘rsatgan. Videoda avgust oyida, “Mirvohid aka, qolgan to‘lovlari qanday bo‘ladi, nima bo‘ladi? Ketgunimgacha berolasizmi?”, deb ovozli xabar yuborilgani aks etgan. Ammo, javob tariqasida kelgan ovozli xabar eshittirilmagan. Qolaversa, Jahongir Xo‘jayev sentyabr oyida, “Chiqqan ko‘rsatuvlarimni hisob-kitob qilib olsak, men yangi pitssa nuqtasi ochyapman”, deb yozgan. Ammo uning xati bu safar o‘qilmagan.
LiveBarchasi