“Omadingizni bersin” teleo‘yini ishtirokchilari 2 mlrdga chuv tushdi
Madaniyat-san’at
−
28 noyabr 2022
46688O‘zbek telekanallarining birida namoyish etilgan “Omadingizni bersin” teleo‘yini ishtirokchilarining umumiy yutuqlari 2 milliard so‘mga yetgan, ammo 55 ishtirokchi bugungi kungacha o‘z sovrinlarini kutmoqda. Bu haqda bugun, 28 noyabr kuni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur o‘yin “MIA-MAA” MCHJ homiyligidagi “MAA” savdo belgisi mahsulotlarning xaridorlari o‘rtasida o‘tkazilmoqda. O‘yin davomida telefon raqamlar bazasidan “Random” dasturi yordamida keyingi son ishtirokchilarining telefon raqamlari aniqlanadi.
Ishtirokchilar ikkita bo‘lakdagi sovrin maketini topgandan so‘ng yutuqlarga, jumladan telefon, planshet, noutbuk, yumshoq mebellar, turli maishiy texnika, tilla (turli grammda) va bosh sovrin — avtomobilga ega bo‘ladilar.
Teleko‘rsatuvning 4 sonida ishtirok etib, 20 million so‘m yutib olgan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi M.U.ni telekanalda ko‘rsatib, g‘olib deb e’lon qilishgan, ko‘rsatuv suratga olingandan so‘ng, teleo‘yin nizomiga ko‘ra, teleo‘yin efirga uzatilgandan 90 bank ish kuni ichida homiydan sovrinlar berilishi mumkinligi xabar qilinadi. Ishtirokchi 90 kun kutgan, lekin va’da qilingan sovrindan darak bo‘lmagan. Teleo‘yin esa telekanal orqali namoyish etilishda davom etyapti va boshqalar ham u kabi bir nechta qimmatbaho sovrinlarni yutib olyapti.
Bunday holatga teleko‘rsatuvning joriy yil 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan 10 sonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi O.J. duch kelgan. U bir yo‘la 10 million so‘m, kir yuvish mashinasi, noutbuk va Nexia 3 avtomashinasini yutib olgan. Lekin unga shu kungacha kutgan sovrinlari va mashinasi berilmagan.
Ko‘rsatuvining 13 sonida Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi X.X. quyidagi sovrinlarni yutib olgan: kir yuvish mashinasi, muzlatgich, gaz plitasi, mikroto‘lqinli pech, changyutgich, planshet, smartfon va yana 50 million so‘m.
Joriy yilning 28 may kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi A.M. yutgan Damas avtomashinasi ham egasiga yetkazilmagan. Namangan viloyatida yashovchi M.M. gaz plitasi, changyutgich, 2 dona smartfon, velosiped, planshet, noutbuk, 20 million so‘m yutib olgan. Shu kungacha u ham sovg‘aga ega bo‘lmagan. Noutbuk, smartfon, muzlatgich, changyutgich va Damas avtomashinasini qo‘lga kiritganlardan yana biri Xorazm viloyatida yashovchi A.R. ham hanuzgacha o‘z mukofotlarini kutmoqda.
Agentlik so‘roviga javoban o‘yin homiysi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, namoyish etilgan ko‘rsatuvning jami 15 ta soning g‘oliblaridan faqat 1,2,3 va 12 sonlarida bir nafardan ishtirokchi o‘z yutuqlarini qo‘lga kiritgan. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutmoqda. Ta’kidlanishicha, teleo‘yinda ishtirok etish va sovrin yutish umidida respublikaning turli viloyatlaridan ishtirokchilar poytaxtga kelgan.
Agentlikning Maxsus komissiyasi tomonidan “MIA-MAA” MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6 va 21-moddalari talablari buzilgani holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Shu bilan birga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumotlar taqdim etilgan.
LiveBarchasi