“Siz Rossiya bilan jang qilishni xohlaysizmi?” Makron bilan uchrashuvdan Putinning hafsalasi pirdek

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarda Moskvaning asosiy tashvishlari e’tiborga olinmaganini aytdi. Davlat rahbari Kremlda Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan bo‘lib o‘tgan qariyb 6 soatlik muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi. 

“Muzokaralar chog‘ida biz uzoq muddatli huquqiy xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha AQSH va NATOga yo‘llangan Rossiya takliflari bo‘yicha fikr almashishni davom ettirdik”, degan Putin va Moskvaning bu boradagi xavotirlarini sanab o‘tdi.  

Uning eslatishicha, “bu takliflar NATOning keyingi kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik, alyans tomonidan Rossiya chegaralarida zarba tizimlari va qurollarini joylashtirishdan bosh tortish, shuningdek, blokning Yevropadagi harbiy salohiyati va infratuzilmasini "Rossiya-NATO" ta’sis akti imzolangan 1997 yildagi  asosiy harakat holatiga qaytarishga oid uchta asosiy fikrni o‘z ichiga oladi.

Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, “26 yanvar kuni AQSH va NATOdan olingan javoblarda, afsuski, markaziy xavotirlar e’tiborga olinmagan”. 

"Qolaversa, g‘arblik hamkorlar yana bir bor shuni ta’kidladilar: har bir davlat o‘z xavfsizligini ta’minlash vositalarini erkin tanlash va har qanday harbiy ittifoq va ittifoqlarga kirish huquqiga ega. Aslida, biz bu bilan hech qachon bahslashmaganmiz. To‘g‘ri, alyans a’zolarining o‘zi kim istasa o‘shani qabul qilishga majbur emaslar.

Bizga yaxshi ma’lumki, janob Prezident [Makron] Rossiyaga birinchi navbatda Yevropa va jahon xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun kelgan, bu borada BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari sifatida bizning mamlakatlarimiz ushbu xavfsizlikni saqlashga alohida mas’uliyaga ega”, deydi Putin. 

NATOning “ochiq eshiklar” siyosati haqida

Putin NATOning “ochiq eshiklar” siyosatini AQSH va boshqa qator davlatlar tomonidan xavfsizlik tamoyillarining bemalol talqin qilinishi deb atadi. 

"Ushbu "ochiq eshiklar" siyosati mutlaqo erkindir va bizning fikrimizcha, ko‘plab umumevropa hujjatlarida mustahkamlangan teng va bo‘linmas xavfsizlikning asosiy prinsipi qoidasini talqin qilish faqat AQSH va NATOning alohida a’zolari tomonidan talab qilinadi”, deydi Rossiya rahbari.

Putin bu tamoyil “boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga o‘z xavfsizligini mustahkamlamaslik majburiyatini o‘z ichiga olganini” eslatdi. 

Uning fikricha, "ochiq eshiklar” siyosati deb ataladigan narsaga ishora qilish ham juda shubhali. Rossiya rahbari yana “1949 yilgi Shimoliy Atlantika shartnomasining 10-moddasiga to‘xtalib o‘tdi, unda a’zo davlatlar NATOning boshqa barcha a’zolari bilan kelishilgan holda boshqa Yevropa davlatlarini, Yevropa xavfsizligiga ma’lum hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan davlatlarni ittifoqqa taklif qilishlari mumkinligi ko‘rsatilgan. 

"Ammo, bundan alyans kimnidir qabul qilishga majbur degan xulosa chiqmaydi. Mayli", deydi Putin.

Shu bilan birga, u “ular hali ham NATO tinch va sof mudofaa tashkiloti ekanligi haqidagi dalillar bilan Rossiyani ishontirishga harakat qilishayotganini” ta’kidladi. 

"Bu qay darajada haqiqat ekanligini ko‘plab davlatlar fuqarolari o‘z tajribasidan ko‘rishdi. Men Iroq, Liviya, Afg‘onistonni nazarda tutyapman, BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsatisiz Belgradga qarshi tegishli keng ko‘lamli harbiy operatsiya. Bu voqea tinch tashkilot amalga oshirishi mumkin bo‘lgan narsadan yiroq", dedi Putin.

Putin NATO Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotganiga ham e’tibor qaratgan.

“NATOga a’zo mamlakatlarning o‘zlari Ukrainani zamonaviy qurol turlari bilan ta’minlashda davom etmoqdalar, Ukraina armiyasini modernizatsiya qilish uchun katta moliyaviy resurslar ajratmoqdalar, harbiy mutaxassislar va instruktorlarni jo‘natmoqdalar",  deydi Putin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, u bularning barchasi haqida Makron bilan uchrashuvda gapirgan.

Uning eslatishicha, NATOning harbiy strategiyasida Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfsizlikka asosiy tahdid va raqib deb ataladi.

“NATO bizni dushman sifatida belgiladi. Qolaversa, o‘z harbiy infratuzilmasini chegaralarimiz yaqiniga ko‘chirgach, NATO va unga a’zo davlatlar bizga qurolli kuchlarni qayerda va qanday joylashtirishni biroz o‘rgatish, rejali manevr va mashqlarni o‘tkazmaslikni talab qilish mumkin,  deb hisoblaydi”, deb xulosa qiladi Putin. 

"Moskvaning tajovuzkor xatti-harakati" haqida

Putinning ta’kidlashicha, Moskvaning "tajovuzkor xatti-harakati" haqidagi ayblovlar mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki Rossiya chegaralariga aynan NATO yaqinlashgan, aksincha emas. 

Uning ta’kidlashicha, Rossiya "NATOning sharqda yangi a’zolar orqali kengayishiga qat’iyan qarshi, chunki bu Rossiya Federatsiyasi uchun umumiy xavf tug‘diradi". 

"Biz NATO tomon harakat qilmayapmiz, ammo NATO biz tomonga harakat qilmoqda. Shuning uchun Rossiya o‘zini agressiv tutmoqda deyish, hech bo‘lmaganda, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Biz qaysidir chegaraga keldikmi?Lekin NATO infratuzilmasi bizga yaqinlashdi", deydi Putin.

Rossiya rahbari, xususan, Ukrainaning NATOga qabul qilinishi xavfiga ishora qildi. U Yevropa davlatlari, jumladan Fransiya Qrimni Ukrainaning, Moskvani esa Rossiyaning bir qismi deb bilishini eslatdi. 

"Agar bu vaziyatni harbiy yo‘l bilan o‘zgartirishga urinishlar qilinsa va Ukrainaning doktrinaviy hujjatlarida Rossiya dushman ekanligi, Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarish mumkinligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, tasavvur qiling-a, Ukraina NATO a’zosi. Bu Rossiya va NATO o‘rtasida harbiy qarama-qarshilik bo‘lishini anglatadi. NATO bilan kurashishimiz kerakmi? Ammo savolning ikkinchi qismi ham bor: siz Rossiya bilan jang qilishni xohlaysizmi? Fransiya Rossiya bilan jang qilishini xohlaysizmi? Lekin shunday bo‘ladi!", deydi Putin.

Prezidentning ta’kidlashicha,  Rossiya Federatsiyasining tashvishi "umumiy Yevropa xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar bilan ham bog‘liq".

Xavfsizlik kafolati takliflari haqida

Putinning ishonchi komilki, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha Moskva AQSH va NATOga yuborgan barcha takliflar amalga oshishi mumkin. 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘p soatlik muzokaralarni talab qiladigan murakkab masalalar majmuasidir. Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, u Kiyevda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Makron uchun qanchalik qiyin bo‘lishini tushunadi.  

"U yerda oson savollar yo‘q. Kiyevda unga oson bo‘lmaydi. Ukraina rahbariyati bilan maslahatlashgandan so‘ng, biz ham qo‘ng‘iroq qilib, qandaydir fikr-mulohazalarni olamiz. Ukrainaning hozirgi rahbariyati nimani maqbul deb hisoblaydi, nimani qabul qilib bo‘lmaydi? U qanday harakat qilishiga qarab biz keyingi qadamlarimizni quramiz”, deydi Putin. 

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Rossiya agressiyasiga qarshi oldindan ko‘rilgan chora sifatida AQSH Polshaga rasman o‘z qo‘shinlarini kiritdi.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan Rossiya, Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Emmanuel' Makron

Baholaganlar

795

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing