Toshkentda yopilgan avtoturargoh o‘rnida nima qurilishi ochiqlandi
Jamiyat
−
06 dekabr 2019
13023Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz, Istiqlol ko‘chalari va Amir Temur shoh ko‘chasi kesishmasida (aholi orasida “UCELL ro‘parasidagi avtoturargoh”) o‘rnida amalga oshirilayotgan loyiha yuzasidan ko‘plab muhokamalar paydo bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati muhokamalar mavzusiga, xususan, mazkur loyiha kimning tashabbusi bilan va qaysi maqsadlarda amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 2018 yilning bahor mavsumida O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi davomida iqtisodiy va investitsion sohalarda qator kelishuvlarga erishilgan.
Tashrif natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
“Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Turkiyaning “Çalık Enerji” kompaniyasining 400,0 mln dollar investitsiyasi asosida “Turkiya biznes markazi va zamonaviy mehmonxona tashkil etish” loyihasi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
“Yo‘l xaritasi”ni bajarish doirasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi “Toshkent shahrining markaziy qismida ko‘p tarmoqli kompleks qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 991-sonli qarori bilan loyihaning asosiy parametrlari va amalga oshirish manzili belgilangan.
Loyihaning amalga oshirilishi jarayonida uchta zamonaviy 15 qavatli binoning qurilishi ko‘zda tutilgan. Ular mehmonxona va ikkita biznes markazidir. Ular ostida ikki qavatli yer osti avtoturargohi hamda binolar atrofida sayr qilish uchun yashil hudud barpo etilib, loyiha umumiy 2,5 gektar maydonda, 400 mln. dollar miqdorida kiritilayotgan investitsiya hisobiga amalga oshiriladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida 200 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Investor tomonidan taqdim qilingan loyihaga ko‘ra, metro ustida yashil hudud barpo etiladi. Shu bilan birga, daraxtlarni kesish uchun ruxsat berishga nisbatan amal qilayotgan moratoriydan kelib chiqib, daraxtlarni ziyonsiz ko‘chirib o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Birlamchi rejaga ko‘ra, loyihani amalga oshirish muddati uch yilni tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi