Milliy kutubxona ortida ekologik ekspertizasiz avtoturargoh qurish mumkin emas – Ekoqo‘mita

Jamiyat

image

Avvalroq, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh tashkil etish va hududni obodonlashtirish loyihasi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur loyiha yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur loyiha bo‘yicha hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emas. Shu sababli, hududda har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan daraxt va butalarga, yashil maydonlarga hamda tuproq qoplamiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlar tegishli ekologik baholashdan o‘tkazilmasdan amalga oshirilishi mumkin emas.

Loyihada 1 000 dan ortiq daraxt va buta ekilishi rejalashtirilgani qayd etilgan. Biroq yangi ko‘chatlar mavjud ko‘p yillik daraxtlar va shakllangan yashil hududlarning ekologik, iqlimiy va rekreatsion ahamiyatini to‘liq o‘rnini bosa olmaydi.

“Qo‘mita hududdagi mavjud yashil maydon va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarur, deb hisoblaydi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlar qisqarishining oldini olish, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini ta’minlash shart, deb hisoblashini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing