Siyyarto Ukrainaga yordam berib, urushni cho‘zishga qarshi chiqdi
Olam
−
20 iyul 2023
10379Yevropa Ittifoqi rahbariyatining Ukrainaga to‘rt yil davomida harbiy yordam uchun 20 milliard yevro ajratish taklifi bu mamlakatdagi jangovar harakatlarni kelgusi yillarda ham davom etishiga olib keladi. Bu fikrni bugun, 20 iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan kelgan mavqedoshlari bilan uchrashuvda ishtirok etayotgan Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrel Ukrainaga to‘rt yil davomida qurol yetkazib berishni moliyalashtirish uchun 20 milliard dollar ajratishni taklif qilgan.
“Bu amalda harbiy rejimni yillar davomida saqlab qoladi. Shunday ekan, endi nafaqat qisqa muddatda, balki uzoq muddatda ham Ukrainada tinchlik o‘rnatish haqida o‘ylash shart emas”, degan Siyyarto.
Yevropa Ittifoqi Kengashining vazirlar darajasidagi yig‘ilishi haqida gapirar ekan, Siyyarto majlisda uning mavqedoshlari tinchlik haqida gapirishni xohlamaganini aytgan.
“Yevropa Ittifoqi nima deydi? To‘rt yil davomida Ukraina urush zonasi bo‘ladi. Bunday taklif hayratlanarli. Savol shundaki, biz 20 milliard yevrolik qurol-yarog‘ yetkazib berishni moliyalashtirsak, to‘rt yil ichida qancha odam halok bo‘ladi?! Shu to‘rt yil ichida (Zakarpate viloyatida) qancha venger halok bo‘ladi?” degan TIV rahbari.
Uning fikricha, so‘nggi 500 kun Ukraina mojarosini jang maydonida hal qilib bo‘lmasligini va u yerga qancha ko‘p qurol yetkazilsa, o‘liklar shunchalik ko‘p bo‘lishini isbotlagan.
“Shuning uchun biz Bryussel, Berlin, Parij va Vashingtondan qo‘shni davlatimizga qurol emas, tinchlik olib kelishlarini so‘raymiz”, deya xulosa qilgan Siyyarto.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Peter Siyyarto Ukrainadagi urushda qatnashayotgan davlatlar orasida tinchlik muzokaralarini boshlash uchun shartlar kundan-kunga yomonlashayotganini aytgandi.