Siyosiy tarafini aytmayman – Vazir O‘zbekistonning transport loyihalari haqida
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
11426Bugun, 2 noyabr kuni Toshkent shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar Transport vazirlarining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida transport va savdo aloqalarini kengaytirish, yangi transport koridorlarini qurish va mavjudlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilganlarning fikricha, hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish kerak. Bunga esa mintaqalararo transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit tariflarini optimallashtirish, xalqaro yuk tashish uchun shart-sharoitlarni osonlashtirish kabi yangi loyihalar orqali erishish mumkin.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. U transport sohasini rivojlantirish, xalqaro transport yo‘laklarini raqamlashtirish, hozirgi o‘ta murakkab geosiyosiy muhitda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kabi qator masalalarni qamrab oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov esa bu kabi rejalarni amalga oshirish uchun bir nechta takliflarni bildirib o‘tdi: jumladan, O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy transport yo‘laklarini rivojlantirish; Samarqand aeroportiga ishtirokchi davlatlar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha IHTning mintaqaviy aviahabi maqomini berish; IHT mamlakatlari orqali yuklarni tranzit tashishni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash va tashish jarayonini osonlashtirish; E-Permit, E-TIR, E-Transit orqali tovarlar va jo‘natma hujjatlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun tartib-qoidalarini to‘laqonli raqamlashtirilgan tizimga o‘tkazish.
Shuningdek, tadbir davomida mamlakatlar o‘zaro hamkorlikda shu vaqt qadar erishilgan bir qancha yutuqlar, transport tizimida amalga oshirilyotgan va oshirilishi reja qilinyotgan loyihalar ham ta’kidlab o‘tildi.
Biroq, bugungi o‘ta murakkab geosiyosiy vaziyatda bu kabi loyihalarning qanchalik istiqbolli ekanligi hamda hamkor mamlakatlarning loyiha doirasida qanday pozitsiya saqlay olishini ham unutmaslik kerak. Misol uchun, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar doirasida amalga oshirilyotgan “Bir Makon – Bir Yo‘l” loyihasiga tashkilotning boshqa bir a’zo davlati –Hindiston o‘z qarshiligini bildirib kelmoqda. Bunga sabab esa, loyiha bir qismining qurilishi Hindiston va Pokiston o‘rtasida doimiy ziddiyatlar girdobida bo‘lib kelgan Kashmirdan o‘tishi. Hindiston buni o‘z suvereniteti hamda hududiy yaxlitligiga nisbatan tahdid deb ataydi. Tashkilotning doimiy a’zosi Rossiya hamda unga yaqindagina qo‘shilgan Eronning sanksiyalar ostida ekanligi esa vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Shu sababdan, QALAMPIR.UZ O‘zbekistan Transport vaziridan O‘zbekiston SHHTga hali-hamon dengizga olib chiquvchi yagona yo‘l sifatida qaraydimi yoki mamlakat allaqachon boshqa yo‘llarni izlayaptimi, deya mikrofon tutdik. Vazir esa javobni qisqa, lo‘nda, ammo noaniq qildi.
“Men bitta gap aytaman: siyosiy tarafini aytmayman, men sizga transportni mutasaddi vaziri sifatida aytaman. O‘zbekiston respublikasi uchun alternativ koridor sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanish kerak. Bu Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zo davlatlari bo‘ladimi yoki bugungiga o‘xshagan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti a’zo davlatlari bo‘ladimi, bizning vazifamiz barcha chegaradosh bo‘lgan mamlakatlar orqali, o‘rtada ishtirok etadigan barcha mamlakatlar, ochiq dengiz portiga chiqa oladigan mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, dunyoning mashhur nashri hisoblanadigan “The Diplomat” Samarqandda bo‘lib o‘tgan “S5+1” konferensiyasi haqidagi maqolasi so‘ngida, “Markaziy Osiyo davlatalari vazirlari media trening kurslari olishi kerak, shekilli”, deya ilova qilgandi.
LiveBarchasi