Siyosiy daho: Turkiya demokratiyasining otasi – Adnan Menderesning ayanchli taqdiri

Tahlil

O‘z davrida Turkiyani turli yillarda Bosh vazir va Prezident sifatida boshqargan Sulaymon Demirel mamlakat siyosatining qay darajada murakkab ekanini tushuntirish uchun “Turkiya siyosatiga 24 soat juda ko‘pdir” degan. Ha, uzoq yoki yaqin tarix  va hatto bugungi kun Demirelning bu iborasi asosli ekanini ko‘rsatadi. Turkiya tarixiga nazar tashlansa, yaqin-yaqingacha armiya oliy hokimiyatni istagan ko‘yiga solgani, xohlagan paytida to‘ntarish uyushtirganini ko‘rish mumkin. 1960, 1971, 1980, 1997 va 2007 yillardagi to‘ntarishlar shular jumlasidandir. To‘g‘ri, bularning barchasi ham armiya uchun muvaffaqiyatli tugamagan, ammo hokimiyat uchun yaxshigina muammo tug‘dirgan va qurolli kuchlarni nazorat qilish, uni tiyib turish dolzarb muammoligicha qolgan. 2016 yilgi so‘nggi harbiy to‘ntarish esa xuddi shu masalaga nuqta qo‘ygani ko‘pchilikka ma’lum. Ammo bugun bu mavzuga emas, balki asrning ikkinchi yarmida sodir bo‘lgan shu kabi harbiy xurujning juda mashhur va o‘ta ziddiyatli qurbonlaridan biri marhum Bosh vazir Adnan Menderesning ayanchli taqdiri haqida so‘z yuritiladi.

Futboldan siyosatga

Futboldan siyosatga yo‘l olish Turkiyada faqat Erdo‘g‘anga xos bo‘lgan jihat emas. Bu Turkiya siyosiy davrasi uchun o‘ziga xos meros. Qahramonimiz Adnan Menderes ham o‘z hayoti davomida shunday yo‘ldan o‘tgan. Badavlat yer egasining oilasida dunyoga kelgan Ali Adnan Menderes, ota-onasi va singlisidan juda erta ayrilgan. Uning ta’lim olishini buvisi o‘z nazoratiga olgan. U nabirasini Izmirdagi Ittihod va Terakki boshlang‘ich maktabida o‘qitgan. So‘ngra Menderes o‘qishni Izmir Amerika kollejida davom ettirgan, zaxiradagi ofitser sifatida ham tahsil olgan. Biroq u Birinchi jahon urushi paytida bezgak kasalligiga chalingani tufayli frontda xizmat qila olmagan. Menderes yoshligida otasidan meros qolgan dalalarda dehqonchilik qilib kun ko‘rgan. Keyinchalik u o‘z mulklarining katta qismini kichik aksiyadorlarga sotib, faqat bitta fermer xo‘jaligini saqlab qolish orqali zamonaviy qishloq xo‘jaligi usuliga ergashgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, u futbol bilan professional tarzda shug‘ullanishni maqsad qilgan, biroq uning bu istagi amalga oshmagan. 1928 yilda esa Menderesda siyosatga kirish va u bilan jiddiy shug‘ullanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Chunki u shu yili oilasi siyosat bilan mustahkam aloqada bo‘lgan Fatma Beringa uylangandi. Menderes tez orada qaynonasining ko‘magi bilan Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk boshchiligidagi bir qancha siyosiy harakatlarda qatnashdi. 1931 yilda u o‘z shahridan Otaturkning Jumhuriyat Xalq partiyasi deputati bo‘ldi. O‘sha paytda bu tuzilma Turkiyadagi yagona qonuniy partiya edi va qat’iy tarzda G‘arbparast yo‘nalishda faoliyat olib borardi. Yangi deputat xalq vakili sifatidagi faoliyati bilan parallel ravishda Anqarada huquq sohasida ham o‘qiy boshladi. U a’zo bo‘lgan JXP o‘tmishdagi ko‘plab ijtimoiy va madaniy an’analarni, shu jumladan diniy qadriyatlarni keskin ravishda rad etuvchi tafakkurda edi. Biroq Menderesning konsepsiyasi bunday emasligi vaqti kelib namoyon bo‘ldi. JXPdagi 15 yillik uzoq siyosiy faoliyatdan so‘ng u ichki doirada keskin qarshiliklarga uchradi va 1945 yilda qator deputatlar bilan birga partiya safidan chiqariladi. Aynan shu voqelik Otaturk merosi bo‘lgan ushbu partiyaning eng katta xatolaridan biri bo‘ldi. Chunki oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 1946 yilda u o‘zi kabi mazkur partiyadan chetlashtirilgan Jalol Bayar, Fuad Koprul va Rafiq Koraltan bilan birga yangi partiyaga asos soldi. Yangi partiyani esa Demokratik partiya deb nomlashdi. Bu amalda Turkiyadagi yakkapartiyaviy tizimning qulashi edi. Demokratik partiya mamlakatdagi birinchi muxolifat partiyasiga aylandi. O‘z o‘rnida bu hodisa Turkiya Respublikasi tashkil topgandan buyon 25 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor erkin saylovlar o‘tkazilishiga asos bo‘ldi. 1950 yilgi shunday saylovlar Menderes va uning partiyasi uchun katta g‘alaba bilan yakunlandi. Ular parlament saylovlarida 53% ovoz olgan holda jami mavjud 487 ta o‘rindan 408 tasini qo‘lga kiritdi. Hukumat Demokratik partiya qo‘liga o‘tdi. Adnan Menderes bosh vazirlik kursisiga o‘tirdi. Uning ustozi Jalol Bayar esa Turkiya prezidenti bo‘ldi.

Arabcha azonni qaytarish

Hokimiyat tepasiga kelgach, Menderes va uning jamoasi o‘z dasturlarini hayotga tatbiq qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Menderes an’anaviy turmush tarzi va milliy qadriyatlarga JXP kabi radikal tarzda qarshilik qilishdan masofa saqlaydi. U din va dunyoviylik orasida anchagina balansli siyosat yurita boshlaydi. Aslida shu tanlov haqiqiy demokratiyani o‘zida aks ettirardi. Hali tashqi siyosatda g‘arbparast bo‘lsa-da, musulmon davlatlari bilan yaqinroq aloqa o‘rnatishga bel bog‘lagan Menderes aholining bundan 27 yil oldingi chuqur diniy ishtiyoqi hali so‘nmaganini tan olardi. U Otaturk va JXPning din masalasidagi keskin va ziddiyatli qarashlarini ohistalik bilan rad eta boshladi. Radikal sekulyarizmni jilovlashda jonbozlik ko‘rsata boshladi. Diniy va dunyoviy qatlam manfaatlarini bir-biridan ustun qo‘ymagan holda, an’anaviy jamiyat tarafdorlariga eski tuyg‘ularni qaytarib berdi. Bu borada qilingan eng asosiy va tarixiy o‘zgarish Turkiya hududida azonni arab tilida aytishga ruxsat berilishi edi. Ammo bu va qadriyatlarga tayangan boshqa islohotlar Menderesning boshiga og‘ir kulfat keltirishiga bir baxya qolgandi. 1950 yil 6 iyunda Ali Adnan Menderesga qarshi harbiy to‘ntarish bo‘lib o‘tdi. To‘ntarishning motivi esa doimgidek dunyoviylikka zarar yetkazish ayblovi edi. Biroq sekulyarizm tarafdori bo‘lgan harbiylarning mazkur qarshilik harakati amalga oshmadi. To‘ntarishni rejalashtirgan 15 ta general va 150 ta polkovnik qo‘lga olinib, iste’foga chiqarildi. Shundan so‘ng Menderes boshchiligida Turkiyada iqtisodiy va siyosiy islohotlar karvoni yo‘lga chiqdi. Ochiq bozor iqtisodiyoti butun mamlakat bo‘ylab tarqala boshladi. Tashqi siyosatda esa Menderes o‘zining birinchi davrida Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatdi. 1950 yilda u Koreyaga harbiy qo‘shin jo‘natish to‘g‘risida buyruq berib, yarimoroldagi mojaroda qaysidir ma’noda AQSH tomonida turish orqali Turkiyaning NATOdagi o‘rnini amalda naqd qildi. Kutilganidek, mamlakat 1952 yilda mazkur harbiy alyansga qabul qilindi.

Islohotlar va xatolar

1950-1960 yillardagi bir dekadalik Bosh vazirlik davrida Menderes Turkiya iqtisodiyotini oyoqqa turg‘iza boshlaydi. U G‘arb davlatlari bilan yaxshi aloqa o‘rnatadi. AQSH va Buyuk Britaniyaning ishbilarmon doiralari bilan yaxshi aloqada bo‘lgan Adnan Menderes ushbu mamlakatlar yordamida Turkiya iqtisodiyotiga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni olib kirdi. Marshall rejasiga ko‘ra, AQSH Turkiyaga 2,5 milliard dollar miqdorida qarz berdi. Bu qarz esa Turkiya iqtisodiyotining gullab-yashnashi uchun zamin yaratdi. 1950-1954 yillarda Turkiya iqtisodiyoti yuksalib, mamlakatning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi tezlashdi. Chet el kompaniyalariga mamlakatda neft qazib olishga ruxsat berildi. Menderes hukumati xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risida qonun qabul qiladi. Tashqi kreditlar asosan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun sarflandi. 1954 yilga kelib Turkiya yalpi milliy mahsuloti yiliga o‘rtacha 9 foizga o‘sa boshladi. Menderes o‘zi va otasining eski ishi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida yaxshigina burilishlarni amalga oshirdi. U bu orqali dehqonlar orasidagi yuqori reytingini saqlab qoldi. Yakunda esa mazkur ijobiy o‘zgarishlar 1954 yilgi saylovda Turkiya Demokratik partiyasining g‘alabasini ta’minladi va Ali Adnan Menderes Bosh vazir lavozimida qoldi. Ammo keyingi voqealar rivoji Menderes foydasiga ishlamadi. Mamlakat ba’zi iqtisodiy xatolar ortidan katta tezlikda to‘lovga layoqatsizlik tomon sho‘ng‘idi. Milliy iqtisodiyot pasayishda davom etdi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Menderes hali ham xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanardi. Bu esa uning 1957 yilgi saylovlarda ham g‘alaba qozonishini ta’minladi. Biroq bu muvaffaqiyat uning siyosiy faoliyatidagi eng so‘nggisi bo‘ldi. Unga nisbatan qarshilik kuchayib bordi. 1958 yildan boshlab, Menderesni dor ostiga yetaklagan jarayonlar boshlandi. Turkiya olingan tashqi qarzlarni qaytarishda qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Ayni o‘sha yili mamlakat tarixidagi eng yuqori devalvatsiya, ya’ni milliy pul birligining xalqaro chet el valyutasiga nisbatan keskin pasayishi kuzatildi. Bir dollar, ikki liradan, qisqa muddatda to‘qqiz liraga ko‘tarildi. 1958 yilda Turkiya 600 million dollarlik tashqi qarzini to‘lay olmasligini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Menderes tashqi kuchlarga bog‘liq ekanligi haqida tanqidlar va xavotirlar kuchaydi. Ko‘plab zavod fabrikalar yopildi. Mazkur sharoitda esa Turkiyada harbiy to‘ntarish uchun qulay muhit yuzaga kela boshladi. Bungacha esa Menderes yana mo‘’jiza evaziga bir o‘limdan qoldi. 1959 yilda o‘tirgan samolyot Kipr masalasi bo‘yicha London kelishuvini imzolash uchun Britaniya poytaxtiga ketayotgan edi. Ammo uning samolyoti Gatvik aeroporti yaqinida qulab, 16 yo‘lovchi halok bo‘ldi. 10 kishi esa bu halokatdan omon chiqdi. Menderes esa o‘sha omon qolgan 10 nafar inson ichida edi. Uning yuzi faqat yengil tirnalgan bo‘lib, ortga qaytganida, Anqarada uni kutib olish uchun minglab odamlar ko‘chaga chiqdi. Biroq o‘lim Menderesni quvishdan charchamadi va aviahalokatdan 2 yil o‘tar-o‘tmas unga yetib oldi. Demokratlar partiyasi va Menderesning pragmatik, lekin bir-biriga mos kelmaydigan siyosati muxolifat guruhi tomonidan keskin tanqid qilindi. Shuningdek, Istanbuldagi ozchilik yunonlarga qarshi ikki kun davom etgan zo‘ravonliklar, Mendersning mashhur turk qo‘shiqchisi Aydan Ayhan bilan ishqiy munosabatlari, ularning o‘rtasidagi o‘lik chaqaloq mojarosi, universitetlardagi tartibsizlik muhiti va mushkul iqtisodiy vaziyat mamlakatni 1960 yilda harbiy to‘ntarishga yoqasiga olib keldi.

Harbiy to‘ntarish va dor

1960 yil 25 may kuni general Jamal Gursel boshchiligidagi harbiy to‘ntarish natijasida Bosh vazir Menderes hokimiyatdan ag‘darildi va u bilan birgalikda 453 nafar turli darajadagi amaldorlar ham hibsga olindi. 1960 yilning oktyabr oyida Adnan Menderes va yana u bilan birga qo‘lga olingan 453 shaxsga nisbatan sud jarayoni boshlanadi. Menderes, prezident Jalol Bayar va boshqa DP liderlari 11 oy davomida sud qilindi. Protsess jami 287 ta majlisdan iborat bbo‘lib,14 kishini oliy jazoga, 31 kishini umrbod qamoq jazosiga, 418 ayblanuvchini esa 6 oydan 20 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga hukm qildi. Adnan Menderes o‘ziga qo‘yilgan 13 ta ayblovning 12 tasida aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilindi.  Ayblovlar orasidan 2 tasi konstitutsiyani buzish, shuningdek, davlat mablag‘larini o‘g‘irlash va Istanbulda 57 nafar yunon ozchiligining o‘limiga olib kelgan 1955 yil sentyabr voqealariga buyurtma berish kabilar kirardi. Unga qo‘yilgan, ammo jazo berilmagan ayblovlardan yagonasi bu-qo‘shiqchi Aydan Ayhan bilan bog‘liq o‘lik chaqaloq keysi edi. Chunki bu borada sudda guvohlik bergan Aydan Ayhan sevgilisi Adnan Menderesni himoya qilgan. Biroq yuqorida ta’kidlanganidek, Menderesni dorga osish uchun qolgan 12 ta ayblov yetarli bo‘lgan. 1961 yil 15 sentyabrda sud jarayoni yakunlandi. Dunyoning qator liderlari Menderesga berilgan o‘lim jazosini bekor qilishni so‘radi. O‘sha vaqtda, Pokiston Prezidenti Muhammad Ayub Xon, Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy, AQSH Prezidenti Jon Kennedi, Fransiya Prezidenti Sharl de Goll, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Germaniya kansleri Konrad Adenauer kabi jahon miqyosidagi yetakchilar Turkiya rasmiylariga sud hukmini bekor qilish uchun maktublar yozishgan. Lekin, bu murojaatlarga qaramay Turkiya harbiy sudi o‘z hukmini o‘zgartirmadi. Menderes bilan birga Tashqi ishlar vaziri Fatih Rushtu Zorlu va Moliya vaziri Hasan Po‘latkan ham qatlga hukm qilingandi. 1961 yilning 17 sentyabrida Adnan Menderes sud hukmi bilan Marmara dengizidagi Imral orolida tushdan so‘ng, soat 13:21 da osib o‘ldirildi.

Shu tariqa Menderes Turkiyaga o‘z qadriyatlarini qaytarib bergani va boshqa faktorlar tufayli o‘zini Mustafo Kamol Otaturk g‘oyalari qo‘riqchisi deb bilgan harbiylarni g‘azablantirdi. Bu esa yakunda u uchun fatal oqibatlar bilan yakunlandi. Tarixga nazar tashlansa, 1923 yildan dunyoviylik yo‘lini tutgan Turkiyaga milliy va diniy qadriyatlarni qaytarishga urinishlar juda mushkul va bir vaqtning o‘zida xavfli jarayon ekaniga guvoh bo‘lish mumkin. Menderes voqeasi bunga yaqqol misoldir. Shuningdek, 90 yillarda hukumat tepasiga kelgan Erbaqon boshchiligidagi islomchi elitaning qisqa hukmronligi, Erdo‘g‘anning diniy mazmundagi birgina sheri uchun 4 oy qamalgani ham yuqoridagi so‘zlarni tasdiqlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Futbol siyosat Adnan Menderes Jamal Gursel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing