“Siti”ni APLdan tushirib yuborishni kafolatlaydigan ochko yo‘qotish xavfi kutmoqda – OAV
Sport
−
10:06 459 2 daqiqa
“Manchester Siti” moliyaviy qoidabuzarliklar uchun Angliya Premer-ligasidan (APL) Chempionshipga tushib ketishiga olib keladigan darajada ko‘p ochkolardan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda tergov jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ehtimoliy jazo katta miqdordagi jarimani ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, “Manchester Siti” kelasi mavsumda qo‘shimcha ochkolardan mahrum qilinishi mumkin. Bu esa klubning APLga darhol qaytishiga to‘sqinlik qilishi ehtimoldan xoli emas.
“Daily Mail” xabar berishicha, Premer-liga rahbariyati klubning apellyatsiyasi ko‘rib chiqilishidan oldin jazo choralarini e’lon qilishga harakat qilmoqda. Biroq apellyatsiya bo‘yicha qaror 2027 yil yanvar oyi oxiriga qadar qabul qilinmasligi mumkin.
Ma’lumot uchun, Angliya chempionatining yetti turidan keyin “Manchester Siti” 21 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq APL mustaqil komissiya “Manchester Siti”ni 2009-2010–2017-2018 yillardagi moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq qator ayblovlar, shuningdek, tergov bilan hamkorlik qilmaslikka oid ayblovlarning aksariyati bo‘yicha aybdor deb topganini ma’lum qilgan edi. Jazo choralari alohida jarayonda belgilanishi kerak. Klub esa o‘z aybsizligini qat’iy ta’kidlab kelmoqda. Berilgan ma’lumotga ko‘ra, “Manchester Siti” joriy yilning 2 oktyabr kuni qaror ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgan.