Sirdaryodan sado chiqdi: hokim Tracker olish fikridan qaytmoqchi emas (video)
Jamiyat
−
17 iyul 2023
16003Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlariga, shuningdek, tuman va shahar hokimlariga 16 ta Tracker avtomobilini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratilayotgani haqida QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqola yuzasidan viloyat hokimi munosabat berdi.
Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqilgan va ayni paytda muhokama uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portali – regulation.gov.uz’ga joylashtirilgan qaror loyihasini izohlab shunday deydi:
“Men buning tahlilini qildirdim. Hammasini tekshirib ko‘rsam, kunda-kunora har bir mashina ta’mirlanishi uchun xarajat ketyapti. Bari 2016-2017 yillardagi mashinalar. Ayrim tumanlarda esa transport muammosi bo‘lgani uchun klasterlarning mashinasida yurishibdi. Ertaga bu manfaatlar to‘qnashuviga olib kelmaydimi? Bunday bo‘lmasligiga kim kafolat beradi? Men ulardan ishni talab qilib olishim uchun birinchi o‘rinda sharoitini ham qilib berishim kerak”, dedi hokim mahalliy deputatlardan birining “16 ta mashinaning hammasi eskirganmidi?” degan savoliga javoban.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda hozirgi kunda 5 ta tuman hokimi klasterlarga tegishli avtotransport vositasidan ijara asosida foydalanadi. Viloyat hokimining 2 nafar o‘rinbosari ham ijaraga olingan mashinada yuradi. Bular – salkam 600 mln so‘m turuvchi Hyundai Santa Fe 2022 hamda narxi 500 million so‘mga yaqin turuvchi Hyundai Tuscon 2022.
Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Zafar Mirrahimovning qo‘shimcha qilishicha, qolgan tuman va shahar hokimliklari ixtiyoridagi avtotransport vositalari ham “ma’nan” eskirgani bois bugungi kunda mazkur avtotransport vositalarini yangilash zarurati tug‘ilmoqda.
Ammo Sirdaryo viloyati hokimligi tasarrufidagi xizmat avtotransport vositalari to‘g‘risida bizga taqdim etilgan yangilangan ma’lumotga ko‘ra, hokimlik balansida oz emas naq 23 ta transport vositasi bor. Nahotki, shuncha mashina Sirdaryo hokimlariyu o‘rinbosarlariga kamlik qilayotgan bo‘lsa?
Mazkur savolga hokimlik matbuot kotibi Zafar Mirrahimov javob berdi. Uning aytishicha, hokimlik mashinalarning faqat 14 tasidan foydalanadi. Yangilangan ro‘yxat quyidagicha:
Qolgan 9 ta mashina esa yuqoridan – Prezident Adminstratsiyasidan berilgan topshiriq asosida mehmonlar uchun “zapasda” turibdi. Ular orasida bitta Cadillac (2016), 4 ta Captiva (2017), 2020 yilda ishlab chiqarilgan bitta Mercedes Benz va 2022 yilda ishlab chiqarilgan ikkita Yutong mikravtobuslari bor.
“Ushbu mashinalarni ishlatish uchun bizga ruxsat berishmaydi. Faqat mehmonlar, rasmiy delegatsiyalar kelgan vaqtdagina bu mashinalardan foydalanish mumkin. Agar foydalanish mumkin bo‘lganda o‘rinbosarlar ijaraga mashina minish o‘rniga, shu mashinalardan foydalangan bo‘lardi. Ammo unday emas”, dedi matbuot kotibi.
Hujjatdan ko‘rinishicha, mazkur avtomashinalarning barchasiga viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Hamdamovga biriktirilgan. Shuningdek, unga o‘zi foydalanishi uchun hokimlik balansidan ijara asosida Lacetti avtomobili biriktirilgan.
Ammo, Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy bavlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 258-son Qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida faqat rahbar (hokim), rahbar o‘rinbosarlari va navbatchilik (mehmonlar va delegatsiyalar uchun) avtotransport vositasi ajratish nazarda tutilgan. Shuningdek, Davlat boshqaruvi organlarining Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklariga delegatsiya va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida 5 tagacha navbatchi avtotransport vositasi saqlash uchun limit belgilangan. Bundan ko‘rinadiki, Sirdaryo viloyat hokimligida avtomobillar soni belgilangan me’yordan ancha oshib ketib, 9 tani tashkil qiladi.
LiveBarchasi