Sirdaryodagi bog‘chada amaliyotchi 6 yoshli bolaga igna sanchdi
3-sahifa
−
19 fevral
3757Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bog‘chada amaliyotchi 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchib, tahdid qildi. Bu haqda “Bu Kun” dasturi xabar berdi.
Bildirilishicha, holat joriy yilning 10 fevral kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan. Kasb-hunar maktabining amaliyotchi talabasi mazkur bog‘chaga amaliyot o‘tash uchun borgan bo‘lgan. Mazkur talaba bolalarga qarash vaqtida 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaga yengil tan jarohati yetkazilgan.
Bolaning onasi o‘sha kuni farzandining o‘rtoqlari onalariga telefon qilib, ulardan ham igna haqida so‘ragan. Bildirilishicha, faqat uning o‘g‘liga igna sanchilgan bo‘lgan.
“O‘g‘lim aya, igna tiqdi, dedi. Birinchi o‘rtoqlarimga tiqdi, menga tiqmadi, dedi. Keyin o‘rtoqlarining onalariga telefon qilib so‘radim, ularning farzandlariga igna sanchilmaganini aytishdi. Keyin o‘g‘limni videoga olib, xo‘jayinimga jo‘natdim. O‘g‘lim yig‘lab, qayerlariga igna sanchganini ko‘rsatib berdi”, deydi ona.
Holat yuzasidan amaliyotchi talaba qizga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (375 000 so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning oktyabr oyida Sirdaryoda o‘qituvchi 1-sinf qizning qo‘liga igna sanchgani aytilgandi. Holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB JXX HPB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Surishtiruv davomida mutaxassislar tomonidan ushbu maktabning 1-“Ye” sinf o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazganida suhbatda ishtirok etgan 28 nafar o‘quvchi o‘qituvchisi tomonidan hech qanaqa qo‘pollik qilmagani, qizni urishmagani, unga igna tiqmaganini bildirilgan.