Sirdaryodagi avariya Qozog‘istonda ham elektr uzilishiga sabab bo‘ldi
Jamiyat
−
09:40 1239 2 daqiqa
Bugun, 25 sentyabr kuni tonggi soat 05:05 da Sirdaryo viloyatida joylashgan EDF (Électricité de France) kompaniyasiga tegishli yangi issiqlik elektr stansiyasida 1600 MVt quvvat avariyaviy o‘chdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, yangi qurilgan mazkur issiqlik elektr stansiyasida ayni vaqtda sinov-sozlash ishlari olib borilmoqda. Stansiyaning avariyaviy o‘chishi oqibatida avariyaga qarshi avtomatika ishga tushib, respublikaning ayrim qismlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilishiga sabab bo‘lgan. Vazirlikka ko‘ra, uzilishlar asosan qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suv nasoslari hamda aholi iste’molchilarining elektr ta’minotida kuzatilgan.
Elektr ta’minotini tiklash jarayonida energiya saqlash tizimlari va elektr stansiyalaridagi zaxira quvvatlar ishga tushirilib, iste’molchilar bosqichma-bosqich tarmoqqa qayta ulangan. Hozirda elektr ta’minotidan uzilgan barcha iste’molchilar tarmoqqa qayta ulangani qayd etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur avariyaviy o‘chish ortidan nafaqat O‘zbekistonning ayrim hududlarida, balki Qozog‘iston energetika tizimiga ham ta’siri oqibatida mamlakatning ayrim joylarida ham elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelgan.
Qozog‘istonning KEGOC kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, soat 05:02 da O‘zbekiston energetika tizimida 1516 MVt quvvatdagi generatsiya o‘chishi sabab Markaziy Osiyo energetika tizimi tomonidan quvvat oqimi yuzaga kelgan. Oqibatda “Shimol-Janub” tranziti ajralib ketgan.
Qozog‘iston energetika tizimida iste’molchilar uchun cheklovlar hajmi 962 MVtni tashkil qilgan. Avariyaga qarshi avtomatika, jumladan, chastotaviy yuklamani kamaytirish avtomatikasi (ACHR) va yuklamani maxsus avtomatik o‘chirish tizimi (SAON) shtat rejimida ishlagan.
“05:43 da Qozog‘iston Yagona elektr energetika tizimining Janubiy hududi va Markaziy Osiyo yagona energetika tizimining Qozog‘iston Yagona elektr energetika tizimi bilan parallel ishlashi tiklandi hamda iste’molchilarga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash bo‘yicha topshiriq berildi”, deyiladi kompaniya xabarida.
EDF (Électricité de France) – Fransiyaning davlat energetika kompaniyasi bo‘lib, u dunyodagi eng yirik elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilaridan biridir. Kompaniya O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida qiymati 1,2 milliard dollarlik, quvvati 1600 MVt (1,6 GVt) bo‘lgan yangi va zamonaviy bug‘-gaz issiqlik elektr stansiyasini (IES) barpo etgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyoning to‘rtta mamlakatida – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda keng ko‘lamli elektr energiyasi uzilishlari yuz bergandi.
Live
Barchasi