Sirdaryoda yonib ketgani aytilgan erkak tirik bo‘lib chiqdi. Uning o‘zi qotil bo‘lgan
3-sahifa
−
08 iyun 2021
13835Avvalroq, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 100 foiz kuyib ketgan jasad topilgani haqida xabar bergan edik. Jasad 37 yoshli toshkentlik erkakka tegishli ekani aytilgandi.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov 100 foiz yonib ketgan jasad ishi yuzasidan yangi tafsilotlarni ochiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, qotillik alomatlari (yonib ketgan) bo‘lgan noma’lum shaxs murdasi bilan birga Cobalt rusumli avtomashinasi ham topilgan. Noma’lum murda mazkur avtomobilni ijara shartnomasi asosida haydab yurgan fuqaro Fayzullo P. ekanligi taxmin qilingan. Biroq jinoyat joyi ko‘zdan kechirilganda o‘sha yerda yotgan aroq shishasi idishidan boshqa bir shaxs — fuqaro Sergey S.ning barmoq izlari aniqlangan.
Shundan so‘ng Sergey S.ning onasi va ukasi so‘roq qilingan. Yaqinlari tomondan marhumning doimiy ish joyi yo‘qligi, qurilish ishlarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab yurishi, muqaddam o‘g‘irlik bilan sudlangani, muntazam ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilishi, voqea sodir bo‘lgan kuni uydan chiqib ketib, qaytib kelmaganligi bayon etilgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari davomida marhum deb taxmin qilingan Fayzullo P. aslida tirik bo‘lib, Ohangaron shahrida yashirinib yurgani aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oxangaron shahridagi xonadonlarining birida yashiringan Fayzullo P. ushlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Fayzullo P. o‘z aybiga iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmasida Cobalt avtomashinasida Toshkent shahar hududida kirakashlik qilib yurganida ayrim fuqarolardan 4,1 ming AQSH dollarini aldab olgani, qarz bo‘lib qolgani, ularni qaytarishning imkoni bo‘lmagani sababli notanish shaxsni o‘ldirib, o‘zini o‘ldiga chiqarib qo‘rsatish rejasini tuzganligini bildirgan.
F.P. joriy yil 28 may kuni Uchtepa tumani, 20-mavzesida baklashka terib yurgan rus millatiga mansub, o‘ziga notanish shaxs - Sergey S.ni ko‘rib, unga ish taklif qilib, o‘zining boshqaruvidagi Cobalt’ga o‘tkazib, do‘kondan olingan aroqni ichirib, Sirdaryo viloyati hududidagi ovloqroq joyga olib kelgan hamda o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
LiveBarchasi