Sirdaryoda o‘qituvchi 1-sinf qizning qo‘liga igna sanchgani o‘z tasdig‘ini topmadi
Jamiyat
−
17 Oktabr
6598
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatidagi maktablardan birida o‘quvchilar o‘qituvchilar tomonidan igna sanchish bilan jazolanayotgani haqida xabar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati IIBning 102 qisqa raqamiga Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi E.G‘. Sirdaryo tumanidagi 27-sonli maktabning 1-sinfda o‘quvchi qizi G‘.O.ning qo‘liga o‘qituvchisi A.G. igna tiqqan va hojatxonaga chiqarmasdan tazyiq o‘tkazganini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB JXX HPB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Surishtiruv davomida mutaxassislar tomonidan ushbu maktabning 1-“Ye” sinf o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazganida suhbatda ishtirok etgan 28 nafar o‘quvchi o‘qituvchisi tomonidan hech qanaqa qo‘pollik qilmagani, G‘.O.ni urishmagani, unga igna tiqmaganini bildirilgan. Surishtiruv davomida yuqoridagi holat tasdig‘ini topmagan. Ota-onalar tomonidan esa o‘qituvchi ijobiy tavsiflangan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan G‘.O.ga olgan tan jarohati yuzasidan ekspertiza tayinlangan.
Bildirilishicha, Sirdaryo tumani IIB JXX HPB tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 277-maktabning 1-sinf rahbari xato qilgan o‘quvchilarini jazolash uchun ularning qo‘llariga igna va “samorez” sanchib, tan jarohati yetkazgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi