Sirdaryoda qizini doimiy ravishda kaltaklab kelgan o‘gay onaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Shirin shahar "Farhod" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 15 yoshli voyaga yetmagan qiz (maktab o‘quvchisi) X.A.ning o‘z o‘gay onasi tomonidan unga yomon munosabatda bo‘lib kelinayotgani, ko‘p hollarda doimiy ruhiy bosim o‘tkazilib, yengil jarohatlar bilan kaltaklab kelayotgani aytilgan videomurojaat tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Shirin shahar hokimligi Matbuot xizmati rasmiy axborot berdi.

Ushbu holatga aloqador tarzda X.A.ning buvisi R.M. Shirin shahar Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatda X.A.ning o‘gay onasi N.Z. uni urib tan jarohati yetkazganligi, shu sababli o‘gay ona N.Z.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan. 

Ushbu murojaatga asosan, Shirin shahar IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, voyaga yetmagan X.A.ga “sog‘liqning qisqa muddatli buzilishiga sabab bo‘lmagan yengil shikast” yetkazganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi 2-qismi bilan Ma’muriy ishlar bo‘yicha Shirin shahar sudiga yuborilgan.

Sud tomonidan ishni ko‘rish vaqtiga kelib, voyaga yetmagan X.A. ko‘rsatmalarini o‘zgartirib o‘gay onasi tomonidan muntazam ravishda qiynab va uyatsiz buzuq harakatlar qilganligini bayon etganligi sababli, mazkur murojaat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Shirin shahar prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, voyaga yetmagan X.A. va boshqa shaxslarning ko‘rsatmalarida qarama-qarshilik bo‘lganligi sababli ish holatiga aniqlik kiritish maqsadida holat yuzasidan O‘zbekistgon Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Shirin shahar IIB huzuridagi Tergov guruhiga yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan X.A. va uning yaqin qarindoshlari tomonidan muqaddam huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahallaga murojaat qilmagan. Voyaga yetmagan  X.A. o‘gay onasi bilan birga yashab kelgan otasi R.U. ham ushbu vaqtda turmush o‘rtog‘ining farzandlariga bo‘lgan munosabatini kuzatib bormagan, qizi X.A.ga nisbatan sodir etgan noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan hech bir mas’ul tashkilotga murojaat qilmagan.

Shirin shahar IIBga yo‘llangan arizani ko‘rib chiqish vaqtida tergovga qadar tekshirish va tergov harakatlari o‘z vaqtida va qonun doirasida ko‘rib chiqilgan.

Shirin shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari hamda qizning o‘gay onasi N.Z. bilan suhbat olib borilgan va suhbat jarayonida N.Z.dan nega o‘gay qizi X.A.ga salbiy munosabatda bo‘lganligi so‘ralganda, N.Z. o‘gay qizini uy yumushlarida aytganlarini qilmaganligi uchun “tarbiyalaganligini” iddao qilgan

Ma’lumot uchun, voyaga yetmagan X.A. "Farhod" mahallasida joylashgan 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinfida o‘qiydi. Maktab direktorining ta’kidlashicha, boshqa o‘quvchilar qatori ushbu o‘quvchining ham jismoniy va ruhiy holatini o‘rganish bo‘yicha maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va amaliyotchi psixolog tomonidan doimiy suhbatlar olib borilgan va hech qanday salbiy holatlar sezilmagan. Shuningdek, 10-sinf o‘quvchisi X.A. dars jarayonlarida faol qatnashib keladi, sababsiz dars qoldirmaydi, tasviriy san’at to‘garak mashg‘ulotlariga doimiy faol ishtirok etib keladi, dars jarayonlarida ham tengdoshlari bilan yaxshi munosabatda va hech qanday salbiy hatti-harakatlari sezilmaganligi ta’kidlangan. 

2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori qizning otasi R.U. bilan olib borgan suhbat davomida, turmush o‘rtog‘i qiziga nisbatan yuqorida keltirilgani kabi salbiy munosabatda bo‘lib kelganini sezmaganligini aytib, bu borada beparvolik qilganini tan olib, afsusda ekanligini va mazkur salbiy holatlar yuzaga kelganligida o‘zini aybdor his qilgan va bunday keyin oilaviy munosabatlarda o‘z otalik mas’uliyatini sezgan holda e’tiborli bo‘lishini bildirgan.

Hozirgi kunda qizning o‘gay onasi N.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) va 110-moddalari (Qiynash) bilan ayblov e’lon qilinib, tergov harakatlari yakunlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo qiynoq

Baholaganlar

1326

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing