Sirdaryoda ikki bolani urib yuborgan haydovchi qamaldi
3-sahifa
−
14 iyun 4704 1 daqiqa
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida 2 nafar maktab o‘quvchisini urib yuborib, ularning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 8 yil 6 oy muddatga qamaldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 24 yoshli yigit otasining mashinasini haydab, yo‘l qoidalarini mensimasdan tezlikni oshirgani bois yo‘l chetida harakatlanib kelayotgan 2 kishini urib yuborgan. Haydovchi Paxtobod - Yangiobod yo‘li bo‘ylab avtomobilni boshqarib kelayotib, tezlikni oshirgan va rulni keskin burgan. Oqibatda sodir bo‘lgan YTH ikki piyodaning o‘limi bilan yakunlangan.
Ma’lum qilinishicha, mashinaning tezligi soatiga 118 kilometrni tashkil qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tumani sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Sudda jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari ayblanuvchiga eng og‘ir jazo so‘ragan. Sud hukmi bilan haydovchi yigit Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 2 erkak tanishini bo‘g‘ib o‘ldirgandi va buning ortidan ular 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Live
Barchasi