Sirdaryoda cho‘kayotgan qizni qutqargan yigitning o‘zi halok bo‘ldi
Jamiyat
−
02 may 2019
15825Joriy yilning 30 aprel kuni Guliston shahri hududidan o‘tuvchi kanalda cho‘kayotgan qizni qutqargan yigitning o‘zi halok bo‘ldi.
O‘zAning yozishicha, Jizzax viloyati, Zomin tumani “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘ini, Birlik ko‘chasi, 3-uyda yashagan Sardor Bahodirov Guliston shahri hududidan oqib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali qirg‘oq bo‘ylab ketayotganida cho‘kayotgan qizni ko‘rgan.
Sardor Bahodirov cho‘kayotgan qizni qutqarish maqsadida suvga tushgan va uning hayotini saqlab qolgan. Ammo suv sovuqligidan Sardorning tomirlari tortishib qolib, o‘zi cho‘kib ketgan.
“Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 1999 yil Zomin tumanida tug‘ilgan Sardor Bohodirov “cho‘kish oqibatida nafas yo‘llarining suv bilan berkilishidan yuzaga kelgan mexanik asfiksiya” natijasida vafot etganligi ma’lum bo‘ldi”, degan Guliston shahar IIB boshlig‘i, polkovnik Z.Qayumov.
Holat yuzasidan Guliston shaxar prokuraturasi topshirig‘iga asosan zudlik bilan surishtiruv harakatlari boshlab yuborilgan.
Qutqarib qolingan qiz voyaga yetmagan 2005 yilda tug‘ilgan Guliston shahar 3-mavze 8-uy 2-xonadonda yashovchi, 8-maktabning 8-”V” sinf o‘quvchisi Madina Muhiddinova ekani aniqlangan.
Jabrlanuvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali jonlantirish bo‘limiga yetkazilgan. Qizning jismoniy holati normallashmoqda. Qizning nima sababdan suvga tushganligi sabablari prokuratura xodimlari tomonidan aniqlanmoqda.
Bu baxtsiz hodisa – shahardan oqib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanalida shu hududning o‘zida joriy yilning birgina aprel oyidagi ikkinchisidir. Shahar ma’murlari bu kabi fojialarning oldini olish maqsadida zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqmasa, havo harorati ko‘tarilgan sari bunday baxtsiz hodisalarning takrorlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.