Sirdaryoda bog‘cha bolasining ovqat tiqilib, vafot etishi ortidan jinoyat ishi ochildi

3-sahifa

image

 

Avvalroq, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisi ovqat tiqilib qolishi ortidan vafot etgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul xodimlariga va maktabgacha ta’lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.

Hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, uning xulosasiga ko‘ra, I.S. nafas yo‘llari berkilib qolishi oqibatida (obturatsion asfiksiya) vafot etganligi qayd etilgan.

Aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul shaxslari bolaning tug‘ilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini shu kunga qadar davolash choralarini ko‘rmasdan, mas’ul mansabdor shaxslar tomonidan bu borada qat’iy nazorat o‘rnatilmagan. Shu bilan birga, I.S.ni bog‘chaga qabul qilishda bolaning umumiy sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma olinmasdan hamda bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa-da, tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilingan.

Shuningdek, mas’ullar tomonidan bolada sog‘lig‘i bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlar doimiy nazoratga olinmagan hamda kuzatilgan dastlabki tibbiy simptomlarni muntazam ravishda nazorat qilib borilmasdan, malakali birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmagan.

Kecha, 11 sentyabr kuni I.S.ning vafot etganligi holati yuzasidan Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksning 192-11-moddasi 1-qismi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida favqulodda baxtsiz hodisa yuz bergandi va 4 yoshli tarbiyalanuvchi vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Mirzaobod tumani obturatsion asfiktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing