Sirdaryoda “Binary” xalqaro tadbirkorlik va menejment universiteti ochiladi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida Malayziyaning “Binary” universiteti bilan hamkorlikda  O‘zbekiston xalqaro “Binary” tadbirkorlik va menejment universiteti tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sirdaryo viloyatida “Binary” xalqaro tadbirkorlik va menejment universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida aks etgan. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi

Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

•    iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojni hamda amalga oshirilayotgan maqsadli rivojlantirish dasturlarini hisobga olgan holda chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash;

•    xorijiy mutaxassislarni, shuningdek xorijda faoliyat yuritayotgan vatandorshlarimizni jalb etgan holda tadbirkorlik sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot muasasalari bilan kooperatsion aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro malaka almashinuvini yo‘lga qo‘yish;

•    respublika hududlarida, xususan Sirdaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mavjud tizimli muammolarni fundamental ilmiy-tadqiqotlar asosida o‘rganish va tegishli yechimlar ishlab chiqish, hududlarning iqtisodiy salohiyatlarini o‘rgangan holda ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi tadbirkorlik yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Universitetning umumiy faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Universitet ta’lim jarayonini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi.

Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amaldagi mavjud ta’lim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Universitetda ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetni moliyalashtirish talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Sirdaryo viloyati Guliston shahri joylashgan Guliston qurilish kasb-hunar kolleji bino va inshootlari operativ boshqarish huquqi bilan Universitetga beriladi. 

Guliston qurilish kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘qishni tamomlagunlariga qadar Universitetga berilgan binolarda o‘qishni davom ettiradi.

Universitetga o‘qituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va o‘qituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha, tuziladigan shartnomalar asosida haq to‘lashga ruxsat beriladi. 

2022 yilning 1 iyuligacha:

•    Universitet — barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan va maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan;

•    Universitetning jalb etiladigan xorijlik xodimlari — yagona ijtimoiy to‘lovni va jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqni to‘lashdan;

•    Universitetni jihozlash va faoliyatini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, kompyuter texnikasi va tashkiliy texnikalar, o‘qitishning texnik vositalari, adabiyot, multimedia mahsuloti, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan Universitet talabalari, xorijiy professor-o‘qituvchilari va ma’muriy xodimlariga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Universitet buyurtmalariga binoan talabalari, malakali xorijiy (O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan) mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Binary universiteti

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing