Sirdaryoda 600 mln dollarlik zavod quriladi
Jamiyat
−
19 fevral 2019
8968O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan ammiak va karbamid zavodi qurilish maydonida bo‘ldi.
Mamlakatda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish va eksport qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerning unumdorligini oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni talab etmoqda.
Shu bois “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Samsung Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid zavodi qurish rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 600 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. AQSH va Yaponiyadan eng zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatiladi, “nou-xau”lar qo‘llaniladi. 500 doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Zavod qurilishi uchun juda qulay joy tanlangan. Bu yerda tabiiy gaz manbai, elektr va suv ta’minoti tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar bor.
“Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qayerda yo‘q. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qo‘l keladi, investorlarning qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbariga bo‘lajak korxonaning iqtisodiy samaradorligi, qurilish ishlari jadvali haqida ma’lumot berilgan. Prezident zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorlarga chiqishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodini ham borib ko‘rgan.
Dastlab bu yerda qorabayir otlari, qoramol, echki, tuyaqush, quyon va bedana nasllari namoyish etilgan.
Davlatimiz rahbari bu jonivorlarning mahsuldorligi, tez ko‘payishi, ular har bir oila uchun zarurligiga e’tibor qaratgan. Uy sharoitida chorva va parranda boqishni kengaytirib, odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, qo‘shimcha daromad bilan ta’minlash mumkinligini ta’kidlagan.
Prezident Sirdaryo viloyatiga avvalgi tashrifi doirasida “Bek klaster” korxonasida bo‘lib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Korxona o‘tgan yili Turkiyaning “SUMER” kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 60 ming tonna paxtani qayta ishlaydigan zavod barpo etdi.
Klasterlar qishloq xo‘jaligida yetakchi tarmoqqa aylanayotgani, ularning mahsulot yetishtirish va ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Davlat-xususiy sheriklik asosida klasterlar uchun kadrlar tayyorlash, yangi loyihalar ishlab chiqib, faoliyat qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Jumladan, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, urug‘chilik va uzumchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu loyihalarning amalga oshirilishi yana minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
LiveBarchasi