Sirdaryoda 3 egizak tug‘ildi
Jamiyat
−
06 yanvar 2022
6569Joriy yilning 4 yanvar kuni Sirdaryoda 3 egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 4 yanvar tongida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani “Anorzor” mahallasida yashovchi 27 yoshli Maftuna Toshpo‘latova birvarakayiga 3 egizak farzandlarni dunyoga keltirgan.
“Guliston shahar tibbiyot birlashmasining akusherlik kompleksida chaqaloqlarning sog‘lom tug‘ilishi uchun alohida mutaxassislar va zarur tibbiy jihozlar hozirlandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, kesarcha usulida, asoratsiz o‘tkazilgan tug‘uruq amaliyoti natijasida 2,9 va 2 kilogrammlik ikki nafar qizaloq hamda 3 kilogrammlik o‘g‘il bola dunyoga kelgan. Egizaklarga Madinaxon, Muhammadziyo va Muslimaxon deb ism qo‘yilgan.
“Ayni paytda go‘daklarning ahvoli qoniqarli. Shifokorlar ularning zarur vitaminlar hamda ona suti bilan oziqlanishiga bosh-qosh bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi egizaklar va onaning salomatligini alohida nazoratga oldi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, vazirlik bugun, 6 yanvar kuni tug‘ilgan Maftuna Toshpo‘latova va uning oilasiga sovg‘alar, xususan, farzandlar parvarishi va ularning sog‘lom ulg‘ayishi uchun zarur bo‘ladigan jihozlar, gigiyena hamda ozuqa vositalarini topshirdi.
LiveBarchasi