Sirdaryo va Andijonda soliqchilar pora bilan ushlandi (video)

3-sahifa

image

Sirdaryo va Andijon viloyatlarida Soliq boshqarmasi inspektorlari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yil 7 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi bosh inspektori Sirdaryo tumanida faoliyat yurituvchi MCHJda o‘tkazilayotgan tekshiruv jarayonida soliqdan 400 mln so‘m miqdorida qarzdorlik borligini aniqlagan.

Taqdim etilgan hujjatlar asosda bunday holatlar uchun aslida qonunchilikda ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, o‘zining yordamini taklif etgan Soliq boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i bosh inspektor bilan kelishgan holda ushbu qarzdorlikni 90 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qilgan.

U xizmati evaziga 1 ming 500 dollar miqdoridagi pulni olgan vaqtida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, soliq qarzdorligini aytilgan summaga kamaytirish bo‘yicha rasmiylashtirilgan tegishli dalolatnomani jamiyat rahbariga bergan vaqtida bosh inspektor ham protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Navbatdagi holatda, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining bo‘lim inspektori viloyatning Ulug‘nor tumanida quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi MCHJning yuridik manzilini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv olib boradi. Natijada, u MCHJ tegishli manzilda faoliyat yuritmayotgani, hisobotda ko‘rsatilgan qoldiqdagi tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha bir qator  nomutanosibliklar borligini aniqlaydi. U holatga oid dalolatnoma rasmiylashtirib, jamiyatning bank hisob raqami orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yadi.

Ammo ushbu soliq inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirmaslik hamda bank hisob raqamiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashini aytib, MCHJ hisobchisidan 500 AQSH dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Soliq qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq idorasi xodimi 6 mln so‘m ekvivalentidagi pul mablag‘ini o‘zining qarindoshlariga tegishli 2 ta bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i turli qurilish loyihalarini tasdiqlab berish evaziga pora talab qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

pora Sirdaryo Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing