Sinflarda o‘quvchilarni 24 nafardan qoldirishga qo‘shimcha 9 trln so‘m ketadi — Shermatov
Jamiyat
−
22 may 2021
7911“Toshkent besh tashabbus harakati”ning ikkinchi kuni doirasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Vazir uchrashuv avvalida savol-javoblar rasmiyatchiliklardan xoli o‘tishi tarafdori ekanini ta’kidlab, har qanday savolga javob berishga, takliflar bo‘lsa eshitishga tayyorligini bildirdi.
QALAMPIR.UZ muxbirining xabar berishicha, uchrashuv davomida maktablarda fizika, matematika darslarida sinfni ikkiga bo‘lib o‘tish, shuningdek, muvaffaqqiyatga erishgan mutaxassislardan master klass tashkil etish taklifi berildi.
“Men chindan ham bunga qarshi emasman, lekin bu narsalar hammasi mablag‘ga bog‘liq. Masalan, menga, sinflarda 35 ta emas, 24 ta o‘quvchi bo‘lsin deyishadi. Qaniydi, qo‘limdan kelsa! Elementar hisoblab ko‘rsak, birgina shu ishni amalga oshirishning o‘ziga bir o‘quv yili uchun qo‘shimcha 9 trln so‘m kerak bo‘lar ekan. Fizika va matematikani bo‘lib o‘qitishga ham kamida 5-6 trln so‘m ketadi, menimcha. Byudjet cheklangani uchun hammasini birdaniga amalga oshirish imkonsiz”, deydi vazir.
Shermatovning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatga erishgan mutaxassislar bilan ochiq muloqoti masalasiga hech qanday cheklov yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sherzod Shermatov toshkentliklarning ko‘pi erkin bo‘lib ketgani, o‘qimay qo‘yganini aytgandi.